Endi maktablarda 5 emas, 10 baho qo‘yiladi. Tojikistonda!

Olam

image

Tojikistondagi maktablarda joriy yilning 1 sentyabr kunidan boshlab 10 ballik baholash tizimi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 30 iyul kuni mamlakat Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzodaga tayanib, “Khovar” xabar berdi.

Vazirning ta’kidlashicha, yangi baholash tizimiga o‘tish milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Hozirda yangilangan maktab jurnallari va boshqa hujjatlarni 10 ballik tizimga moslashtirish ishlari yakunlanmoqda.

“Ko‘p balli tizimni joriy etish ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilar bilimini baholashda yanada ob’ektivlikni ta’minlashga qaratilgan”, degan vazir. 

Mutaxassislarning fikricha, yangi tizim tojik maktablari bitiruvchilari xorijdagi oliy ta’lim muassasalariga kirishda duch kelayotgan ayrim to‘siqlarni bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, u o‘quvchilarning bilim yutuqlarini yanada aniq va moslashuvchan baholash hamda ularni o‘qishga rag‘batlantirish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘p balli baholash tizimi rivojlangan ta’lim tizimiga ega bo‘lgan Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSH, Fransiya va Eron kabi mamlakatlarda keng tarqalgan. Bu mamlakatlarda 10, 12 yoki 20 ballik baholash tizimlaridan foydalaniladi.

Tojikistonda yangi tizimni joriy etish jarayoni o‘qituvchilar uchun o‘quv seminarlarini tashkil etish, uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish va zamonaviy standartlarga mos raqamli vositalar yaratish bilan birga olib boriladi.

Ko‘p balli baholash tizimiga o‘tish mamlakat ta’lim tizimini modernizatsiya qilishning muhim bosqichiga aylanishi va maktablarning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Tojikiston baho

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing