Endi korrupsiya holatlari haqida xabar berganlarga pul mukofoti beriladi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida ma’lumot bergan fuqarolar bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning 31 dekabrdagi qarori bilan qabul qilingan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda so‘z boradi. 

Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lganda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

•    o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti)ga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilsa;

•    korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno).

Shunga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar tegishlicha BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha (669 ming so‘mdan 5 mln 575 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.

Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

•    ancha miqdor uchun – mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;

•    ko‘p va juda ko‘p miqdor uchun – mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.

Shaxslarni rag‘batlantirish masalalari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Maxsus komissiya qarori asosida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘asi bilan taqdirlash haqida qaror 1 ish kunida chiqariladi.

Pul mukofoti xarajatlar smetasiga o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng 15 ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning kundalik hayot tarziga aylanishi kerakligi haqida gapirgandi va qator vazifalarni belgilab bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

140

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing