Toshkent va Samarqandda advokatlar pora bilan qo‘lga olindi (video)

3-sahifa

image

Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘zi egallab turgan mansabni suiiste’mol qilgan holda, sudlangan shaxslarga nisbatan belgilangan jazo muddatini yengillashtirib berishni va’da qilgan advokatlar qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuoti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi advokatlik byurosi advokati va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ yuristi o‘zaro kelishgan holda, sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, 2021 yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSH dollari talab qilishadi. So‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.  

Bildirilishicha, mazkur advokat 2015-2020 yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining sudyasi bo‘lib, MCHJ yuristi esa 1999-2003 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

Boshqa holatda esa, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati sud organlaridagi tanishlari orqali, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumning jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazoga almashtirib berish evaziga 17 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand shahridagi advokatlik hay’ati advokati shahar prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamasliklari uchun, prokuratura tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilib, 1,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 fevral kuni advokat Z.Ya. sudyaga pora berayotganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Samarqand advokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing