Katta miqdorda pora olgan mansabdorlar ushlandi
3-sahifa
−
04 aprel
19153O‘zbekistonning turli hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yuqori miqdorda pora olgan mansabdor shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Birinchi holatda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs Andijon shahrida farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJning moliyaviy holati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida, MCHJga qarashli dorixonalar tomonidan dori vositalarini belgilangan referent narxlardan qimmat narxlarda sotish orqali iste’molchilardan 2,1 mlrd. so‘m ortiqcha pul olinganligi holati aniqlangani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani bekor qilib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur mansabdor shaxs 22,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u muqaddam 7,5 ming AQSH dollari olganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “O‘zbekiston shaharsozlik bo‘yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasining arxitektori andijonlik tadbirkordan 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, arxitektor “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning Andijon viloyati filiali direktori lavozimida ishlovchi o‘zining otasi bilan til biriktirib, tadbirkorga Andijon shahridagi 2 ta manzilda ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurishiga oid qurilish sohasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan.
Hozirda arxitektor va uning otasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, viloyat tumanlaridan biridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Qarshi tumanidagi maktab direktorining o‘rinbosarini Yakkabog‘ tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlanishida yordam berish evaziga 55 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi