Bo‘ston hokimining ikki o‘rinbosari qamaldi
3-sahifa
−
14:36 2899 2 daqiqa
Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining ikki o‘rinbosari poraxo‘rlik uchun qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, Bo‘ston tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i U.S. tumanning 2025 yilga mo‘ljallangan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport rejasi belgilanganidan foydalangan. U tumandagi bog‘dorchilik va mevasabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari tomonidan rejani bajarilishiga mas’ul bo‘lgan. Sobiq mulozim fermer xo‘jaliklariga noqonuniy topshiriqlar berib, topshiriqni bajarmagan taqdirda yer maydonlari olib qo‘yilishini aytgan. Shuningdek, ularning nomidan eksport rejasini bajarish evaziga har bir gektar yer maydoni uchun 1 mln so‘mdan pul talab qilgan. Jumladan, 2025 yil 3 sentyabr kuni fermer xo‘jaliklaridan birining ish boshqaruvchisi B.A. dan 5 gektar yer maydoni uchun 5 mln so‘m pul berishini talab qilgan va shundan 4 mln so‘m olgan.
Bundan tashqari, U.S. o‘zining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, Bo‘ston tuman hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i Sh.D. bilan oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular Bo‘ston tumanida faoliyat olib boruvchi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligining 105 gektar yer maydonidan bog‘dorchilik va sabzavotchilikka mo‘ljallangan 65 gektar yer maydoni uchun ularning nomidan eksport rejasini bajarish evaziga 65 mln so‘m talab qilgan. Sh.D. 2025 yil 5 sentyabr kuni talab qilingan puldan 40 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudining joriy yil 25 fevraldagi hukmiga ko‘ra, U.S. va Sh.D Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi tegishli bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. U.S.ga 6 yil, Sh.D. ga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sudlanuvchilar 2 yilga davlat yoki davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Joriy yilning 12 oktyabr kuni Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudining 2026 yil 25 fevraldagi hukmi hamda Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 13 maydagi ajrimini o‘zgarishsiz qoldirgan va taftish shikoyatlari qanoatlantirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari 1 gektar yerni auksion orqali olib berish evaziga 25 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan edi.
Live
Barchasi