Endi xorijdan kelgan ayrim fuqarolar OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tadi
Jamiyat
−
08 iyul 3605 2 daqiqa
3 oy va undan ortiq muddat O‘zbekistondan tashqarida bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarolari va chet elliklar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tadi. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuniga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilingan.
Xususan, qonun loyihasi bilan uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikaga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingan va Senatga yuborilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr