Android’larda ilova o‘rnatish qiyinlashadi

Texnologiya

image

Google Android operatsion tizimida rasmiy Google Play Store’dan tashqari manbalardan mobil ilovalar o‘rnatish tartibini jiddiy ravishda kuchaytirmoqchi. Bu haqda 18 avgust kuni “Android Authority” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi tartibda foydalanuvchi rasmiy do‘kondan tashqari manbadan yuklangan ilovani ishga tushirishdan oldin qurilmani qayta yuklashi va 24 soat kutishiga to‘g‘ri keladi. Bunday mexanizm zararli dasturlarni ijtimoiy muhandislik usullari orqali tarqatayotgan firibgarlarning foydalanuvchilarni shoshilinch qaror qabul qilishga undashining oldini olishga qaratilgan.

Google bu chorani bank ma’lumotlarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq kiberjinoyatlar ko‘payib borayotgani bilan izohlamoqda. “Habr” portali ekspertlariga ko‘ra, Android qurilmalarida zararlanish holatlarining 70 foizdan ortig‘i messenjerlar yoki shubhali saytlar orqali yuklanadigan tashqi APK fayllari bilan bog‘liq.

Qayd etilishicha, 24 soatlik texnik tanaffus foydalanuvchiga ilovani o‘rnatish bilan bog‘liq xavflarni qayta baholash imkonini beradi. Shu bilan birga, Google Play Protect himoya tizimi yuklangan faylni qo‘shimcha ravishda fon rejimida tekshirishi mumkin.

Yangi qoidalar firibgarlik dasturlarining tarqalishini cheklashi kutilmoqda, biroq rasmiy do‘konlardan tashqarida korporativ dasturlarni tarqatadigan mahalliy ishlab chiquvchilar uchun vaqtinchalik noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassislar kompaniyalarga dasturlarni rasmiy do‘konlarga joylashtirish yoki tasdiqlangan korporativ profillardan foydalanishni tavsiya qilgan.

Statcounter global statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Android mobil qurilmalar bozorining 80 foizdan ortig‘ini egallaydi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Android foydalanuvchilari yangi josus dastur hujumidan ogohlantirilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing