Endi fuqarolar o‘zi istagan joyda svetofor o‘rnatishi mumkinmi?
Jamiyat
−
19 fevral
6615Ijtimoiy tarmoqlarda endilikda jismoniy yoki yuridik shaxslar hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalariga xat bilan murojaat etgan holda, o‘zlari istagan joyda svetofor o‘rnatishi mumkinligi va qonunda buning uchun hech qanday cheklovlar yo‘qligi haqida xabar tarqaldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
2013 yil 10 apreldagi "Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatlariga shaharlardagi, shaharchalar va qishloq aholi punktlaridagi ko‘chalarning, yo‘laklarning hamda yo‘l harakatini tartibga solish vositalarining, shuningdek, shahar elektr transporti yo‘llarining jihozlanishi va soz holatda saqlanishini ta’minlash vakolati kirishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ushbu qonunning 9-moddasida avtomobil yo‘llarini qurish va foydalanish tashkilotining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakatini tartibga solish vositalari, tezkor aloqa tizimi qurilishini va mazkur yo‘llarning ushbu vositalar va tizim bilan jihozlanishini amalga oshirish hamda ularning saqlanishini ta’minlash vakolati kirishi keltirilgan.
Amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 4-bandida "Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish, o‘zgartirish yoki zarar yetkazish, ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, "sun’iy notekislik" qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi" deya belgilangan.
“Yo‘l harakatini tartibga solish vositalarini o‘rnatish vazifasi mas’ul idora va tashkilotlar zimmasiga aniq yuklatilgan bo‘lib, istalgan jismoniy yoki yuridik shaxslar bunday vositalarni o‘zboshimchalik bilan yoki qandaydir ruxsat asosida o‘rnatish vakolatiga ega emasligini ma’lum qilamiz”, deyiladi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati munosabatida.
LiveBarchasi