Endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etiladi
Jamiyat
−
16 yanvar
1444O‘zbekistonda endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda bugun, 16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, mamlakatdagi 22 ta erkin iqtisodiy zonada ishga tushgan 589 ta korxona o‘tgan yili 42 trillion so‘mlik mahsulot chiqargan. Ishlab chiqarilgan mahsulotning bor-yo‘g‘i 16 foizi yuqori texnologiyali tovarlar hisoblanadi. Mahsulotlarning atigi 18 foizi tashqi bozorlarga sotilgan, 372 ta korxona umuman eksport qilmagan.
Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar kiritgan sarmoyasiga qarab imtiyoz olmoqda. Lekin bu mablag‘lar tannarxni pasaytirish, eksportga chiqish uchun xizmat qilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, endi faqat eksportga ishlaydigan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi belgilandi. Ushbu zonalarda xorijiy brendlar bilan yuqori qiymatli, tashqi bozorlarda talabi bor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xorijiy tajribada ham bu o‘zini oqlagani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, bunday zonaning birinchisi Namanganda tashkil qilinib, to‘qimachilikka ixtisoslashadi.
Iqtisodiy kompleks rahbarlariga erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tizimni qayta ko‘rib chiqib, ularni eksportga ixtisoslashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Prezident investitsiya loyihalarida mahalliy komponentlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Buning hisobiga juda ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratilishi, valyuta tejalishi va yondosh sohalar rivojlanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyat hokimlariga har oy tadbirkorlar bilan yarmarka o‘tkazib, o‘zida yangi-yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Hozir amalga oshirilayotgan 75 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalarining 28 milliard dollarini mahalliy mahsulotlar orqali qoplash mumkinligi hisob-kitob qilingan.
Mutasaddilarga tarmoqlar va viloyat hokimlari bilan birgalikda tuman va korxonalar kesimida 2025 yilda yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.
Shu bilan birga, bu yil xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 5,2 milliard dollarlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.
Videoselektorda nvestitsiyalarni o‘zlashtirishda haligacha byurokratiya ko‘pligi tanqid qilindi. Shu munosabat bilan Bosh vazir boshchiligida moliya institutlari bilan ishlash bo‘yicha alohida Favqulodda shtab tashkil qilinishi belgilandi. Shtab har bir loyihani ichiga kirib, aniq ishlarni amalga oshiradi, har hafta loyihama-loyiha muhokama o‘tkazadi.
Joriy yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 1,1 milliard dollar, Islom taraqqiyot banki bilan esa 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Mutasaddilarga ushbu 2 ta xalqaro bank bilan yaqindan ishlab, tumanma-tuman yurib, tadbirkorlar bilan davlat kafolatisiz qilish mumkin bo‘lgan loyihalarni ko‘paytirish topshirildi. Ularga aniq mas’ullar biriktiriladi, mablag‘ jalb qilishda tadbirkorlarga ko‘maklashiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq 2024 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetgani, xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qilgani, qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushgani, eksport ilk bor 27 milliard dollarga chiqqani ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar