Mirziyoyev bir oy ichida ikkinchi marta Aliyev bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 aprel kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yetakchilar suhbat davomida O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan. O‘tgan yil avgust oyida Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari diqqat markazida bo‘lgan.

“Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 20 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

Birgalikda boy madaniy-gumanitar almashinuv dasturi amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Prezidentlar joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi sammitlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, madaniy tadbirlarni o‘tkazish muhimligini qayd etgan.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak ko‘p tomonlama, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni ham Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilgandi. O‘shanda davlat rahbarlari ikki va ko‘p tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilgan. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi kooperatsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Ozarbayjon Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing