Mirziyoyev Pezeshkiyonga ta’ziya yo‘lladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Eronning Bandar-Abbos shahridagi Shahid-Rajai porti hududida ro‘y bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Prezident Mas’ud Pezeshkiyonga ta’ziya maktubini yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari vafot etganlarning yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jarohat olganlar tez fursatda shifo topishini tilagan.

Ma’lumot uchun, Bandar Abbos Fors ko‘rfazining Ummon ko‘rfazi bilan tutashgan joyida, Hurmuz bo‘g‘ozi qirg‘og‘idagi strategik muhim nuqtada joylashgan. Portlar va kemachilik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu port Erondagi eng yirik port hisoblanadi. O‘tgan yili u orqali mamlakatdagi konteyner tashishlarning 85 foizi, shuningdek, Eron neftining katta qismi o‘tgan. 2020 yilda xuddi shu portdagi kompyuterlarga kiberhujum uyushtirilgan, bu esa suv yo‘llari va ob’ektga olib boruvchi yo‘llarda ommaviy nosozliklarni keltirib chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 aprel kuni Eronning Bandar-Abbos shahri yaqinidagi Shahid-Rajai dengiz portida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida 18 kishi halok bo‘lgandi va 750 dan ortiq odam jarohatlangandi. Portda raketalar uchun qattiq yoqilg‘ining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan natriy perxlorat portlab ketgan. U ayni Ummonda AQSH va Eron o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarning uchinchi bosqichi boshlanganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Ba’zi bir manbalarga ko‘ra, portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu haqda rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing