Endi dorilarni sun’iy ushlab turuvchilar jarimaga tortiladi
Jamiyat
−
10:54 691 2 daqiqa
Dori vositalarini vaqtincha ushlab turib, sun’iy taqchillikni keltirib chiqarish holatlariga qarshi qat’iy choralar ko‘riladi va bunday insofsiz raqobatdan topilgan foyda uchun jarima belgilandi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xabar qildi.
Agentlikka ko‘ra, aholi ehtiyoji yuqori bo‘lgan dori vositalarini omborlarda saqlab turish, sun’iy defektura va taqchillik yuzaga keltirish maqsadida ularni realizatsiya qilmaslik, bozordagi ta’minot zanjiriga asossiz ravishda cheklov o‘rnatish hamda mazkur holatlar orqali narxlar oshishiga sharoit yaratish holatlari aniqlangan taqdirda, amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 4 oktyabrdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 42-moddasi 2-bandiga muvofiq, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni hamda ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilganlik, shuningdek, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlar narxlarini asossiz ravishda oshirganlik holatlarida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qonunchilik buzilgan davr uchun (biroq oxirgi uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatda) tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5 foizi miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 dekabrdagi 694-son qarori bilan tasdiqlangan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 9-bandiga muvofiq, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan insofsiz raqobat sodir etilgan taqdirda, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “Elektron retsept” tizimi bekor qilinmasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi