Endi chiqindi uchun faqat ko‘rsatilgan xizmatga haq to‘lanadi (video)
Jamiyat
−
20 fevral 11365 3 daqiqa
2026 yil 1 yanvardan boshlab chiqindi olib ketish xizmati uchun yangi to‘lov tartibi joriy etildi. Endi aholidan faqat amalda ko‘rsatilgan xizmat uchungina haq olinadi va barcha to‘lovlar onlayn amalga oshiriladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi va to‘lovlar onlayn tizimlar orqali amalga oshiriladi.
Onlayn to‘lov tartibi orqali istalgan joyda va vaqtda amalga oshirish mumkin bo‘ladi, bankka borish va navbatda turish shart bo‘lmaydi, hisobni oson tekshirish va nazorat qilish, to‘lov cheklarini onlayn yuklab olish, xizmat ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni ta’minlab, xizmat uchun noqonuniy to‘lov undirish mumkin bo‘ladi, undirilgan mablag‘larni kirim qilmasdan o‘zlashtirish holatlarini bartaraf etish orqali sohada yashirin iqtisodiyot hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
“Endi chiqindi xizmatlari uchun aholi qilgan to‘lovlar to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatuvchi sanitar korxona hisobiga emas, balki davlat nazoratiga, ya’ni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi. Undan so‘ng operatorga alohida tartib asosida mahallalardan olib chiqib, poligonga joylashtirgan chiqindini tonnasi hamda maxsus texnikaning yurgan kilometri hisobida faqatgina ko‘rsatgan xizmati uchungina to‘lab beriladi”, deyiladi xabarda.
Qolaversa, har oy xizmat ko‘rsatuvchi sanitar korxonalar faoliyati baholab borilib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Bu baholash korxonalarga haq to‘lashda inobatga olinib, sifatli xizmat qilmaganlar jarimaga tortiladi va bitim bekor qilinib, biriktirilgan hudud qaytarib olinadi.
“Billing tizimi elektr bilan integratsiya qilinishi barobarida soha raqamlashtirilishi va unga ko‘ra korxonalardan sifatli xizmatni talab qilishda alohida nazorat o‘rnatilgani ham ayni muddao bo‘ldi”, deyiladi xabar yakunida.
Ta’kidlash joizki, ilgari chiqindiga to‘lanadigan pullar to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning o‘ziga, ya’ni operatorga yo‘naltirilgan. Ko‘pincha chekka hududlarda operatorlar nazoratchi qo‘yib, eshikma-eshik naqd pul yig‘ib, mablag‘ni billing tizimiga, kompyuterga kiritmasdan o‘zlashtirib yuborish holatlari kuzatilgan. Oqibatda aholida norozilik paydo bo‘lgan.
Agentlikning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha hisob-kitoblar natijasida respublika bo‘yicha 12 milliard kamomad chiqqan. Agentlik esa akt tuzdirib, pullarni aholi byudjetiga qaytargan. Yangi joriy etilayotgan amaliyot esa bu kabi huquqbuzarliklarning oldini oladi.
“Mana shunaqa holatlar bo‘lmasligi uchun to‘liq naqd puldan voz kechilib onlayn tizimga o‘tildi. Fuqarolar to‘laydigan pul agentlik huzuridagi hisobga tushadi. Ya’ni, endi ikkita ko‘cha tozalansa, ikki ko‘cha uchun pul olinadi. Ilgari xizmat ko‘rsatsa, ko‘rsatmasa pul yig‘ilardi. Endi operatorlar faqat xizmat ko‘rsatganiga yarasha pul oladi. Men 100 ming so‘m to‘lagan bo‘lsam, ammo sanitar korxona 50 minglik xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, qolgan 50 ming keyingi oylar uchun o‘tkazib beriladi”, deydi agentlik matbuot kotibi Dilnoza Komilova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chiqindi uchun aholidan asossiz 9 mlrd so‘m undirilgani aniqlangan edi.
Live
Barchasi