60 yoshli erkak chiqindi qopidan qariyb 19 ming dollar topib oldi

Olam

−

image

Janubiy Koreyada 60 yoshdan oshgan erkak chiqindi qopidan 25 million von (taxminan 18 684 dollar) topib oldi. Olti oy davomida pulning egasi chiqmagach, erkak unga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda “The Korea Herald” xabar berdi.

Qayd etilishicha, u joriy yilning 10 fevral kuni Inchxon shahrining Gimgok-dong hududidagi turarjoy binosi yaqinida 20 litrli chiqindi qopidan foydalanilgan kiyimlarni yig‘ayotgan paytda pullarni topgan.

25 million von kiyimlar ostiga yashirilgan bo‘lib, 50 ming vonlik kupyuralardan iborat beshta bog‘lamga joylangan. Har bir bog‘lamda 100 tadan banknota bo‘lgan va ular Koreya Bankining maxsus tasmalari bilan o‘ralgan.

Erkak topilma haqida darhol politsiyaga xabar bergan. Huquq-tartibot xodimlari yaqin atrofdagi kuzatuv kameralarini tekshirgan, barmoq izlari tahlilini o‘tkazgan va pul egasini aniqlash uchun o‘nlab xonadonlarga borgan.

Shuningdek, pul topilgani haqidagi ma’lumotlar milliy yo‘qolgan buyumlar portalida va mahalliy gazetada e’lon qilingan. Biroq olti oy davomida hech kim mablag‘ni talab qilib chiqmagan.

Janubiy Koreyaning yo‘qolgan buyumlar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, yo‘qolgan mol-mulk egasi ommaviy e’lon qilinganidan keyin olti oy ichida topilmasa, unga topib olgan shaxs egalik qilishi mumkin.

Shu sababli, politsiya avgust oyida pullarni erkakka topshirgan. Biroq soliq va e’lon bilan bog‘liq xarajatlar uchun 5,77 million von ushlab qolingan. Natijada erkak qo‘liga 19,23 million von olgan. Mablag‘ga 22 foizlik soliq qo‘llangan.

Politsiya pullarning jinoiy faoliyat bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi dalillar aniqlanmaganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyalik ayol ichida oltin bo‘lgan paketni chiqindi deb o‘ylab, uni adashib chiqindiga tashlab yuborgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing