Endi bolalar zo‘ravon ota-onalardan olib qo‘yiladi

Jamiyat

image

Endi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan ota-onalardan ularning bolalari olib qo‘yilishi mumkin. Bu joriy yilning 14 iyul kuni 440-sonli “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan.

Ushbu nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qiladi.

“Inson” markazlari, ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda o‘rganadi.

Bunda “Inson” markazi bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin.

Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi choralardan birini ko‘radi:

  • zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
  • bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
  • bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash.

Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o‘tkazadi.

Kompleks baholash natijalariga ko‘ra, 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanishi mumkin:
tuzatish dasturidan o‘tish;

  • bolalarini olib qo‘yish;
  • ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish;
  • narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
  • majburiy tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash.

Zo‘ravonlikka uchrayotgan bolalar

Yaqinda Toshkent viloyatining Angren shahrida voyaga yetmagan 15 yoshli qiz 4 nafar yigit tomonidan zo‘rlangani haqida xabarlar jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 9 aprel kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham 24 iyul kuni Angrenga borib, jabrlangan qiz bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi. Hozirda jabrlanuvchi qiz Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirildi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay esa Toshkent viloyati tumanlaridan birida ota o‘z qiziga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. 24 iyul kuni sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud tomonidan unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi, “a”, “b”, “e” bandlari asosida 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston rahbarining kenja qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi haqida yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Inson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing