Inson qanday qariydi?
Bu qiziq
−
20 iyun 2023
21357Tasavvur qiling, keksa bo‘lib tug‘ildingiz va umringiz davomida yosharib borasiz. Siz bu filmni ko‘rgansiz, to‘g‘rimi? Rejissyor Benjamin Batton insonlarning azaliy yosharish orzusini film mavzusiga aylantirgan. Biroq hayotda, afsuski, umr o‘tar ekan, odamlar qariydi, organizm esa kuchsizlanib boradi.
Qarish inson hujayralari bilan bog‘liq jarayon. Ya’ni dunyoga kelgan go‘dak borki, vaqt o‘tgani sayin uning hujayralari rivojlanib, o‘zi esa ulg‘ayib boraveradi. Aqli tanigan har bir odamni qariganida qanday bo‘lishi juda qiziqtiradi. Tabiiyki, ko‘pchilik o‘z ota-onasidek keksayishiga ishonadi. Aslida ham shundaymi? Mazkur maqola orqali ushbu savolga javob topishingiz mumkin.
Amerikalik aktyor Groucho Marks aytganidek: “Agar omadimiz kelsa, biz hammamiz qariymiz”. Inson o‘tayotgan har kunda qarishning yana bir bosqichini boshdan kechiradi. Siz hatto bu maqolani o‘qiyotganingizda ham qariyapsiz. Biroq siz qanday qariysiz? Hamma gap shunda. Biz 20 yildan keyingi yuzlariga ajin tushgan va bo‘yi biroz cho‘kkan o‘zimizni ajdodlarimizga qarab tasavvur qilishga odatlanganmiz. Biroq genetika qarish xususiyatlarimizning atigi 30 foizi uchun javobgardir. Biz ota-onamiz aziyat chekkan sog‘liq muammolari, qarish shakllariga butunlay mahkum emasmiz. Biz tanamiz qanday qarishini o‘zimiz nazorat qilamiz. Bu bizning tashqi omillar bilan munosabatimizga bog‘liq: biz yashayotgan muhit, biz iste’mol qilayotgan ovqat, jismoniy va kognitiv (aqliy) jarayonlar. Bularning barchasi muhim.
Doktor Morgan Levinning “Haqiqiy asr” kitobiga ko‘ra, insoniyat qarish jarayonini sekinlashtirish arafasida turibdi. Levinning aytishicha, insonda ikki xil yosh bor: pasportdagi raqamga mos keladigan xronologik va biologik. Bu shuni anglatadiki, siz xronologik jihatdan o‘ttiz yoshda bo‘lishingizga qaramay, biologik jihatdan yigirma besh yoki hatto o‘ttiz besh yoshda bo‘lishingiz mumkin. Biologik yosh sizning qanchalik sog‘lom ekanligingiz bilan belgilanadi.
30 yoshdan so‘ng inson tanasidagi metobolizm har 10 yilda 2-3 foizga pasayishni boshlaydi. Mushak massasi ham kamayib boradi. Bu jarayonda yoga yoki mushaklarni rivojlantirish mashqlarini bajarish, zanjabilni ko‘proq iste’mol qilish foydalidir.
Qarish jarayonimizda muhim rol o‘ynovchi eng katta omillardan biri bu stressdir. Olimlar insonning qarishi uchun mas’ul bo‘lgan juda o‘ziga xos hujayra turini aniqladi. Ular zombi hujayralari sifatida tanilgan. Stress ta’sirida bu hujayralar replikatsiya qilish qobiliyatini yo‘qotadi, lekin organizmni tark etmaydi va bu tananing tobora ko‘proq qarishiga olib keladi.
Demak, bizning qanday qarishimiz genetikamizdan ko‘ra, tanamiz haqida qanchalik qayg‘urishimizga bog‘liq. Bu kun tartibingiz haqida qayta o‘ylab ko‘rish uchun imkoniyatdir: jismoniy mashqlar bilan qanday ishlayapsiz? Sizning diyetangiz qanchalik sog‘lom? Siz past stress rejimini saqlab qola olasizmi? Demak, olimlar fikricha, qarilik bilan kurashish hammaning o‘z qo‘lida.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi