Endi aliment to‘lamaganlar pulli jamoat ishlariga majburiy jalb qilinadi 

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda aliment to‘lamagan shaxs haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilinadi. Bu bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunni imzoladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda respublika bo‘yicha voyaga yetmagan farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 5,3 mingdan ortiq fuqaro ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 8,7 mingdan ortgan.

Qonunda aliment to‘lamaganlik uchun belgilangan jarima yoki qamoq jazosi aliment oluvchi bolaga hech qanday naf keltirmaydi. Aksincha, shaxsning mablag‘i jarima uchun undirilishiga yoki u qamoqqa olinib, 15 sutka mobaynida daromad topish va aliment to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib keladi.

Buning oldini olish uchun qonunga yangi ma’muriy jazo turi, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish jazosi kiritilmoqda. Bunda aliment to‘lamagan shaxsning jamoat ishlarini bajarib olgan haqining teng yarmi aliment oluvchiga beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda er yoki xotin turmush o‘rtog‘ining o‘z huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa yoki tahqirlasa, qo‘rqitsa, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘ysa, qilmishning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Xususan, shaxs o‘z turmush o‘rtog‘ini haqoratlab, qadr-qimmatini tahqirlasa, 6 million so‘m jarimaga tortilishi, g‘arazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazsa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston aliment jamoat ishlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing