Endi aholiga suyultirilgan gazni xususiy sektor yetkazib beradi

Jamiyat

image

Tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi hamda biznes sub’ektlariga yetkazib berishga ruxsat beriladi. Mazkur tizim dastlab Andijon viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni O‘zbekiston yetakchisi raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyatida joriy yilning olti oyida rejalashtirilgan 48 ming tonna o‘rniga 41 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Oqibatda viloyatdagi 318 ta mahallada gaz ta’minoti belgilangan grafikdan ortda qolmoqda.

Yil boshidan buyon xususiy sektor tomonidan 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan.

Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga suyultirilgan gaz xaridi uchun subsidiya ajratilishi belgilangan. Yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishda “Andijon tajribasi”ni joriy etish rejalashtirilgan.

Prezident suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejalashtirilgan 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish vazifasini qo‘ygan.

Bundan tashqari, suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimini xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida bir oy muddatda qayta ko‘rib chiqish topshirilgan. Aholining ehtiyojidan kelib chiqib, turli sig‘imdagi gaz ballonlarini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan 1 ming 916 ta mahallani elektr isitish tizimiga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing