Endi hokimning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hokimning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 20 oktyabr kuni qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi. 

Qayd etilishicha, qaror mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini kengaytirish maqsadida qabul qilingan. 

Qaror bilan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlangan. 

Shuningdek, qarorga muvofiq 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. 

Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyunga qadar ko‘p jildli “O‘zbekiston milliy qomusi”ni elektron shaklda tayyorlash va e’lon qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi hamda 2026 yil 1 dekabrga qadar “Ona tili. Qomus” kitobining nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.

Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 mayga qadar o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. 

Shuningdek, har yili “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovi, “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovi, umumta’lim maktablarida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovi, “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

hokim davlat tili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing