Emmanuel Dyupyui Mirziyoyevning afg‘on muammosini hal qilishdagi yangi takliflarini qo‘llab-quvvatladi
Intervyu
−
24 Sentabr 2020
5905Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi yubiley sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda ishtirok etdi. Davlat rahbari o‘z nutqida 10 dan ortiq yangi takliflarni ilgari surdi. Ayni vaqtda uning muhim xalqaro tashabbuslari davlat va siyosat arboblari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yevropa istiqbol va xavfsizlikni o‘rganish instituti prezidenti Emmanuel Dyupyui O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh minbarida ilgari surgan g‘oyalari haqida shunday deydi:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi bilan tanishib chiqdim. Davlat rahbari unda qator takliflarni ilgari surdi. Afg‘onistondagi fransuz kuchlari qo‘shma bo‘linmasi sobiq siyosiy maslahatchisi sifatida O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro hamkorlikning yangi shaklini yaratish tashabbusi – BMT qoshida doimiy qo‘mita tuzish masalasi muhim, deb hisoblayman.
BMT huzurida doimiy qo‘mita tuzish tashabbusi Afg‘oniston muammosini hal qilish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun juda muhimligi, shuningdek, ushbu mamlakatda tinchlikni o‘rnatishda mintaqa davlatlarining o‘rni va roli muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. Yangi shakl, shubhasiz, afg‘on muammosini hal qilish uchun qulay sharoit yaratadi.
Ayni paytda “Tolibon” harakati ishtirokida afg‘onlararo muzokaralar davom etmoqda. Tinchlik o‘rnatish uchun siyosiy muzokaralar yetarli emas, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiyot va infratuzilmani tiklash zarur. Ushbu yo‘nalishda Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari, xususan, O‘zbekiston muhim o‘rin tutadi. Umid qilamanki, doimiy qo‘mita faoliyati global moliyaviy mablag‘ va imkoniyatlarni jalb qilish, shuningdek, Afg‘oniston suverenitetini mustahkamlash uchun ijobiy turtki beradi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyo davlatlarining Terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan qo‘shma harakatlar rejasi 10 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro anjuman o‘tkazish taklifi o‘z vaqtida ilgari surilgan dolzarb tashabbusdir. Ushbu tadbir barcha mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining harakatlarini muvofiqlashtirish, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni tiklash bo‘yicha yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga imkon beradi.
E’tiborimni tortgan yana bir tashabbus – bu COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda samaradorligi isbotlangan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalasidir. Ushbu tashabbus Orol fojiasi muammosini hal qilish uchun zarur harakatlarni amalga oshirishga imkon beradi. Jahon hamjamiyati O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz”.
Ma’lumot o‘rnida, 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish zarurligini ta’kidlagan edi.
2018 yil 27 mart kuni "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori.
O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini joriy yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhga ko‘ra, AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi.
12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi.
LiveBarchasi