Emina Erdo‘g‘an global inqirozga qarshi chora ko‘rishga chaqirdi

Olam

image

Turkiyaning birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an kecha, 20 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi tadbirda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishning ahamiyati haqida nutq so‘zladi. 

“Global nol chiqindilar harakati sari yo‘l” deb nomlangan yig‘ilish Turk uyi (Turkevi)da bo‘lib o‘tdi. Unda BMTning yuqori martabali rasmiylari, diplomatlar va Nyu-York meri Erik Adams ishtirok etdi.

Birinchi xonim global iqlim inqirozlari bugungi kunning eng dolzarb masalasi ekanini bildirgan va yaqinda Turkiya, Liviya, Gretsiya, Bolgariya va Gruziyani qamrab olgan dahshatli tabiiy ofatlarni eslatdi.

“Biz iqlim inqirozining hal qiluvchi pallasida turibmiz. Shunday ekan, bugun biz muhokama va baholardan chetga chiqib, shoshilinch chora-tadbirlar rejalarini amalga oshirishimiz kerak”, dedi u.

Emina Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda har soniyada 127 tonna oziq-ovqat ishlab chiqariladi. Sayyora bo‘ylab 820 million odam ochlikdan aziyat chekayotgan bir paytda uning 41 tonnasi isrof bo‘ladi. Odamlar faqat iste’mol qilish haqida o‘ylamoqda va nafaqat insoniyatning o‘zi, balki iqlim ham bundan aziyat chekyapti. Xususan, dunyo bo‘ylab har daqiqada 1 milliard plastik butilka sotiladi. Bu chiqindilarning katta qismi dengiz va okeanlarga tushib, suv osti dunyosini xavf ostiga qo‘yadi. 

“Insoniyat bir marta ishlatiladigan mahsulotlar bilan o‘ralgan iste’mol jamiyatiga aylandi”, dedi u isrofgarchiliklarning ko‘lamidan tashvishlanish kerakligini bildirar ekan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yillik maishiy chiqindilar ishlab chiqarish 2050 yilga borib hozirgi 2 milliard tonnadan 4 milliard tonnagacha oshishi mumkin. Iste’molning bunday yuqori darajasi ham chiqindilar bilan bog‘liq muammoga, ham tabiiy resurslarning tugashiga sabab bo‘ladi.

Birinchi xonim, shuningdek, 2017 yilda Turkiyada 650 million tonna xomashyoning behuda sarflanishining oldi olinib, 2 million oilaning ehtiyojlariga teng suv resurslari tejalgan “Nol chiqindi” tashabbusi boshlanganini esladi. Ammo Turkiyaning “Nol chiqindi” sohasidagi muvaffaqiyatlari muhimligiga qaramay, bu sohadagi salbiy global tendensiyani tuzatish uchun yetarli emasligini aytdi. Uning fikricha, mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qo‘shgan “hissasi” asosida ko‘proq majburiyatlarni olishi kerak.

Ma’lumot uchun, Emina Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkilotining chiqindisiz ishlab chiqarish bo‘yicha maslahat kengashi raisi sifatida faoliyat olib boradi. Uning homiyligida 2017 yildan buyon “Nol chiqindi” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu loyiha BMT darajasida qo‘llab-quvvatlangan va 30 mart “Xalqaro nol chiqindi kuni” deb e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 sentyabr kuni Emina Erdo‘g‘an Serra-Leone Prezidentining rafiqasi Fotima Maada Bio tashabbusi bilan Nyu-Yorkda tashkil etilgan “Zo‘ravonlikni davolash va oldini olish kuni” deb nomlangan tadbirda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish haqida ham nutq so‘zladi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing