Emiliano Martines qimor bo‘yicha tekshirilmoqda
Sport
−
09 mart 1275 1 daqiqa
“Aston Villa” klubi va Argentina terma jamoasi darvozaboni Emiliano Martines Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) tomonidan pul tikish reklamasi qoidalarini buzganlik ehtimoli bilan tekshirilmoqda. Bu haqda “The Atletik” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, tergov Martinesning Argentinadagi bukmekerlik kompaniyasi bilan hamkorligi bilan bog‘liq. U 2024 yil iyun oyidan buyon kompaniyaning brend elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Kompaniya futbolchini o‘z brendining rasmiy yuzi sifatida tanishtirgan. 2025 yil oktyabr oyida esa yangi reklama kampaniyasi boshlanib, unda Martines professional poyga haydovchisi bo‘lgan ukasi Alexandro Martines bilan birga ishtirok etgan.
FA qoidalariga ko‘ra, professional futbolchilarga o‘zlari ishtirok etadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan musobaqalar bilan bog‘liq pul tikish xizmatlarini reklama qilish taqiqlanadi.
Ta’kidlash joizki, Martines hamkorlik qiladigan bukmekerlik kompaniyasi Premer-liga, Angliya kubogi va Yevrokuboklar bilan ham hamkorlik qiladi. “Aston Villa” esa joriy mavsumda ushbu musobaqalarning barchasida ishtirok etmoqda.
FA futbolchi bilan bog‘liq vaziyatdan xabardor ekanini tasdiqlagan. “Aston Villa”, Emiliano Martines va bukmekerlik kompaniyasi bu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Live
Barchasi