Ekvadordagi tartibsizliklarda jinoiy to‘dalarning 329 a’zosi hibsga olindi (video)
Olam
−
11 yanvar
3829Ekvador harbiylari va politsiya xodimlari mamlakatda qurolli tartibsizliklar boshlanganidan so‘ng jinoiy to‘dalarning 329 nafar a’zosini qo‘lga oldi, yana 5 nafarini o‘ldirdi. Bu haqda mamlakat Qurolli kuchlari qo‘shma qo‘mondonligi rahbari Xayme Vela Eraso ma’lum qildi.
“Biz turli kalibrli 61 ta qurol, 418 ta o‘q-dori, 24 ta portlovchi moslamani topdik, 329 nafar terrorchini qo‘lga oldik. 41 kishi asirlikdan qutqarildi. Biz besh nafar terrorchini yo‘q qildik”, deydi Vela.
Qo‘mondonlik boshlig‘iga ko‘ra, uchta qurolli jinoiy guruh bilan to‘qnashuvdan so‘ng xavfsizlik kuchlari qochib ketgan 28 mahbusni qamoqxonaga qaytargan.
Ekvador Prezidenti Daniel Noboa mamlakatdagi xavfsizlik inqirozi sababli respublika rasmiylari shu haftadan boshlab qamoqdagi xorijliklarni chiqarib yuborishni boshlashini ma’lum qilgan.
“Biz shu hafta boshlaymiz. Bizda kolumbiyaliklar, venesuelaliklar va peruliklar bor, ular qamoqxonalarimizdagi xorijliklar sonining 90 foizini tashkil qiladi. Shunday qilib, biz ish yukini va davlat xarajatlarini kamaytiramiz. Gap davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan 1,5 ming kishi haqida bormoqda”, deydi u.
Shuningdek, u Kolumbiya Ekvadorga yordam berish istagini bildirganini aytgan.
“Ajoyib, biz ularga Ekvador qamoqxonalarida saqlanayotgan 1,5 ming mahbusni yuboramiz. Ular allaqachon besh yil jazo muddatini o‘tagan va qonunga ko‘ra, ular ozodlikka chiqarilishi mumkin. 1,5 ming mahbusni qamoqxonadan olib, chegaraga olib borishimiz mumkin”, deydi davlat rahbari.
Ekvadordagi vaziyat 7 yanvar kuni “Los Choneros” jinoiy tashkiloti yetakchisi, Fito laqabli Adolfo Masias qamoqdan qochib ketgani ma’lum bo‘lgach, keskinlashdi. Ayni paytda Ekvadorning bir qancha qamoqxonalarida tartibsizliklar boshlangan.
9 yanvarda Guayakilda (Ekvadorning eng gavjum shahri, poytaxt Kitodan 250 km janubi-g‘arbda joylashgan) qurollangan shaxslar “TC Televisión” davlat telekanali studiyasiga bostirib kirib, jurnalistlarni garovga olgan.
Shuningdek, 9 yanvar kuni mamlakatdagi ikkinchi yirik guruh rahbari “Los Lobos”, kapitan Piko laqabli Fabrisio Kolon Piko Chimboraso qamoqxonasidan qochib ketgan. Shundan so‘ng, Prezident Noboa mamlakatda ichki qurolli mojarolar rejimini joriy etish haqidagi farmonni imzolagan.
LiveBarchasi