Ekvadorda yana bir siyosatchi otib o‘ldirildi
Olam
−
15 avgust 2023 4864 1 daqiqa
Noma’lum qurolli shaxslar Ekvadorning “Fuqarolik inqilobi” muxolifat harakati a’zosi Pedro Brionesni otib o‘ldirdi. Bu haqda ushbu harakatdan prezidentlikka nomzod Luis Gonsales ma’lum qildi.
"Ekvador o‘z tarixidagi eng qonli davrni boshdan kechirmoqda. Men zo‘ravonlik to‘lqini qurboni bo‘lgan o‘rtoq Pedro Briones oilasi bilan birdamligimni bildiraman", deb yozgan u X sahifasida.
Gonsales amaldagi hukumatni Ekvadordagi xavfsizlik vaziyatini yomonlashtirganlikda ayblagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Briones undan pul undiruvchi jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘ldirilgan. Politsiya siyosatchiga boshqa sabablarga ko‘ra tahdidlar bo‘lganmi yoki yo‘qligini tekshirmoqda.
Suiqasd prezidentlikka nomzod Fernando Vilyavisensio 9 avgust kuni Kito poytaxtida o‘ldirilganidan bir hafta o‘tmay sodir bo‘ldi. Nomzod saylov mitingida otib tashlangandi. Keyinchalik mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat joriy qilindi.