“Begunoh qurbon”. Ebola haqida gapirgan siyosatchi o‘ldirib ketildi

Olam

−

image

Kongo Demokratik Respublikasida hukmron partiyaning yuqori lavozimli vakili Ebola epidemiyasi haqida radio orqali chiqish qilganidan keyin kaltaklab, o‘ldirildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mari-Selestin Karondva ismli shaxs mamlakat sharqidagi Ebola epidemiyasining yangi o‘chog‘iga aylangan Butembo shahrida Demokratiya va taraqqiyot uchun ittifoq partiyasi federal ijroiya qo‘mitasining vaqtinchalik prezidenti bo‘lgan.

Karondva joriy yilning 27 sentyabr kuni radiodasturda qatnashib, Ebola virusi tarqalishining oldini olish choralarini targ‘ib qilgan. Shundan so‘ng unga hujum qilingan.

Partiya ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilganlar Karondvani kaltaklagan, uning buyumlarini olib ketgan va uyiga o‘t qo‘ygan. Siyosatchi olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Hozircha hujumni kim uyushtirgani, unda qancha odam qatnashgani va bunga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Partiya Karondvani Ebola virusi mavjudligi va uning aholi uchun xavfini himoya qilgani uchun “begunoh qurbon” bo‘lganini bildirgan.

Nashrga ko‘ra, Karondvaning o‘limi mamlakatda Ebola sababli tibbiyot xodimlari va davolash markazlariga qarshi hujumlar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Mutaxassislar bunday holatlarga kasallik haqidagi mish-mishlar, noto‘g‘ri ma’lumotlar va tibbiyot xodimlariga nisbatan ishonchsizlik sabab bo‘layotganini aytmoqda.

Ma’lumot uchun, Ebola odamlar va primatlarda uchraydigan, juda yuqumli va ko‘pincha o‘limga olib keladigan virusli kasallik hisoblanadi. U tana suyuqliklari yoki zararlangan buyumlar orqali yuqadi.

Hozirgi epidemiya kam uchraydigan Bundibugyo virusi sababli yuzaga kelgan. Unga qarshi tasdiqlangan davolash usuli yoki vaksina mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongoda Ebola virusini yuqtirganlar soni 8 mingdan oshib, kasallik oqibatida 3901 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing