Ekvadorda qurollangan odamlar jonli efir vaqtida telekanalni egallab oldi (video)
Olam
−
10 yanvar
8455Ekvadorning “TC Televisión” telekanalining Guayakil shahridagi studiyasi jonli efir vaqtida qurollangan shaxslar tomonidan bosib olindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda niqob kiygan odamlar telekanal xodimlarining boshiga qurol tirab, ularni yotishga majbur qilishgan.
“Reuters” yozganidek, studiyada otishma va hayqiriqlar eshitilgan. Politsiya yo‘qligi aytilgach eshittirish to‘xtatilgan.
“El Universo” gazetasining aniqlik kiritishicha, mahalliy vaqt bilan soat 15:00da boshlanishi kerak bo‘lgan efir uzatilishidan sal avval, telekanal studiyasiga qurollangan odamlar kirib kelgan.
Guvohlarning aytishicha, qurollanganlar kamida 10 kishi bo‘lgan.
Ekvador politsiyasi telekanal studiyasini egallab olgan bir necha kishi allaqachon hibsga olingani haqida ma’lum qilgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya ham bir necha kishini evakuatsiya qilgan.
Ekvador Prezidenti Daniel Noboa telekanalning qo‘lga olinishiga javoban mamlakatda ichki qurolli mojaro rejimini e’lon qilgan.
“Reuters” agentligiga ko‘ra, telekanalga qilingan hujum kamida yetti nafar politsiyachining o‘g‘irlab ketilishi va turli shaharlarda qator portlashlar sodir bo‘lganidan keyin yuz bergan.
Shuningdek, bu voqea yirik jinoiy to‘da yetakchisi, Fito laqabli Adolfo Masiasning qamoqdan qochib ketishi va bir qancha axloq tuzatish muassasalarida asirlarni garovga olishi sababli mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat e’lon qilganidan keyin sodir bo‘ldi.
LiveBarchasi