Ekvadorda burama osmono‘par bino quriladi (foto)
Bu qiziq
−
13 may 2023
7863Ekvador poytaxti Kitoda xalqaro qurilishda ham kamdan-kam uchraydigan burama konstruksiyali osmono‘par bino quriladi. Bu haqda “Dezeen” sayti xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur bino boshqalaridan murakkab konstruksiyadan tashkil topgani, inshootning tashqi tomonida tabiiy toshlardan foydalanilgani, derazalarga esa maxsus qatlamlar qoplangani bilan farq qiladi. Bino ham turar-joy, ham ofislar uchun mo‘ljallangan. Dizayn jihatidan organik xarakterga ega bo‘lishi kutilmoqda.
“Osmonga qarab o‘sib borayotgan Kito shahrida yana bir yangi va murakkab bo‘lgan burama binoni qurish, albatta, yaxshi holat. Biz qurayotgan binoda tabiiylikka ko‘proq e’tibor berdik. Uning pastki qismi keng bo‘lsada, tepaga qarab qisqarib boradi. Osmono‘par binoning shakli tabiiy yorug‘lik va qo‘shni imoratlarning ko‘rinishini to‘sib qo‘ymaydigan tarzda ishlab chiqilgan”, deydi loyiha mualliflari.
Binoning joylashuvi ham shahar markazida bo‘lib, 67 gektardan iborat bo‘lgan “La Karolina” bog‘i yonida joylashgan. Shuningdek, uni qurish bosqichidan boshlab foydalanishga topshirgunga qadar chiqadigan chiqindilar qayta ishlab chiqarish uchun alohida zavodlarga yuboriladi va ulardan boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi