Eboladan kasallanganlar qariyb 3 mingga yetdi

Olam

image

Ebola epidemiyasi avj olgan Kongoda tibbiyot tizimi ham inqirozga yuz tutmoqda. Virusdan 1300 dan ortiq odam vafot etgan, shifokorlar esa oylik va bonuslar to‘lanmagani uchun ishni to‘xtatdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi Ebola davolash markazlaridan birida shifokorlar, hamshiralar va xavfsizlik xodimlari ishni to‘xtatgan. Oqibatda epidemiyaning markazlaridan biri bo‘lgan Ituri provinsiyasidagi Buniya shahrida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni keskin cheklangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda Ebola bilan kasallanganlar soni 2973 nafarga yetgan, ulardan 1309 nafari vafot etgan. Mutaxassislar bu holatni Kongoda qayd etilgan eng tez rivojlanayotgan Ebola epidemiyalaridan biri sifatida baholamoqda.

Buniya shahridagi Elikiya Ebola davolash markazi xodimlari ikki oydan beri to‘lanmagan bonuslar sabab norozilik bildirgan. Ularning aytishicha, moliyaviy muammolar bemorlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ham ta’sir qilmoqda.

Avvalroq, hududdagi eng yirik shifoxonalardan biri bo‘lgan Buniya umumiy kasalxonasida ham tibbiyot xodimlari to‘lanmagan maoshlar sabab ish tashlagan edi. Ayrim xodimlar epidemiya boshlanganidan beri to‘lov olmaganini bildirgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan buyon 100 dan ortiq tibbiyot xodimi Ebola bilan kasallangan.

Kongo 15 maydan buyon Bundibugio virusi sabab yuzaga kelgan Ebola epidemiyasi bilan kurashmoqda. Hozirda 766 nafar bemor izolyatsiya qilingan yoki shifoxonalarda davolanmoqda, 540 kishi esa sog‘aygan.

Kasallik holatlarining qariyb 90 foizi mamlakat sharqidagi Ituri provinsiyasida qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash mutasaddilariga ko‘ra, virus tarqalishi uni nazorat qilish imkoniyatlaridan tezroq kechmoqda. Bunga hududdagi qurolli mojarolar, aholining ko‘chishi va yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlashdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, moliyaviy mablag‘ yetishmasligi, tibbiyot markazlariga hujumlar, xavfsizlik muammolari va aholining ishonchsizligi epidemiyaga qarshi kurashni murakkablashtirmoqda.

Bundibugio virusi uchun tasdiqlangan vaksina va keng qo‘llanadigan davolash usullarining mavjud emasligi ham vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Hozirda Ituri provinsiyasida Ebola davolashning ikki ehtimoliy usuli bo‘yicha tadqiqotlar boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida Ebola bilan kasallanganlar soni qariyb 1000 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing