“E-IJRO AUKSION” marhamatlik tadbirkor bo‘yicha ma’lumot berdi. Hokim va kadastrga yangi savollar
Jamiyat
−
13 dekabr 2019
7585“E-IJRO AUKSION” Markazi auksionda yutib 8 oydirki yerini olomayotgan tadbirkor maqolasi yuzasidan bayonot berdi. Markaz mutasaddi tashkilotlardan Vazirlar Mahkamasi qarorlari doirasida ish ko‘rishini so‘ramoqda.
Xabaringiz bor, kuni kecha Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi “TARAQQIYOT OMAD SERVIS” korxonasi tomonidan yo‘llangan murojaat masalasida maqola e’lon qilgan edik. Unda tadbirkor shu yilning 9 aprel kuni auksionda g‘olib bo‘lib hali-hanuz yerini ololmayotgani bayon etilgan.
“E-IJRO AUKSION” Markazining ma’lum qilishicha, 2019 yil 9 aprel kuni Marhamat tumani, “Guliston” MFY hududida joylashgan maydoni 0,03 ga bo‘lgan bo‘sh yer uchastkasi onlayn-auksion savdolarida sotilgan. Yerning boshlang‘ich bahosi 4 884 390 so‘m bo‘lgan. Ishtirokchi “TARAQQIYOT OMAD SERVIS” X\F tomonidan tizim taklif etgan narx 5 617 048,50 so‘m tasdiqlanib, u auksion g‘olibi deb topilgan. Ishtirokchiga belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib berilgan.
Ushbu masala Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi 493-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 79-bandi bilan tartibga solinadi. Unda qo‘yidagicha belgilangan: “g‘olib auksion ob’ekti qiymatini to‘liq to‘laganidan so‘ng, operator keyingi ish kunidan kechiktirmasdan maxsus blankada auksion natijalari haqidagi bayonnomani rasmiylashtirishi hamda uni muhr bilan tasdiqlashi, bir nusxasini auksion g‘olibiga topshirishi (yoki auksion g‘olibining roziligiga ko‘ra, pochta jo‘natmasi bilan yuborilishi) belgilab berilgan”.
Markazning ma’lumotiga ko‘ra, “TARAQQIYOT OMAD SERVIS” X\F roziligiga ko‘ra, Markaz tomonidan 2019 yil 12 aprel kuni "O‘zbekiston pochtasi" xizmati (buyurtma xat) orqali bayonnomaning asl nusxasi Marhamat tumani hokimligiga yuborilgan.
Markaz yuqoridagi Nizomning 86-bandiga ham e’tibor qaratgan. Mazkur bandda quyidagicha qoida belgilangan: “tuman (shahar) hokimligi Operatordan auksion natijalari haqidagi bayonnomani va yer uchastkasini realizatsiya qilishdan tushgan pul mablag‘larni olgach, 3 ish kuni davomida g‘olibga “Doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida” qaror chiqarib berishi belgilab qo‘yilgan”.
Markaz g‘olib ishtirokchi oldida o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganligini aytmoqda. Shuningdek, barcha mutasaddi tashkilotdan elektron onlayn-auksion g‘oliblarining mulkka egalik huquqini rasmiylashtirishda Vazirlar Mahkamasi qarori talablari doirasida ish ko‘rishni so‘rab qolgan.
Biz markaz bergan ma’lumotlar asosida masalani tahlil qildik va hokimlikka va kadastr tashkilotiga nisbatan savollar paydo bo‘ldi.
Agar g‘oliblik bayonnomasining asl nusxasi hokimlikka yuborilgan bo‘lsa, nega hamon hujjatning bir nusxasi g‘olibda mavjud emas?
Nizomning 86-bandida 3 ish kunida g‘olibga “Doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida” qaror chiqarib berilmay, 23 iyul sanasida chiqarib berilgan?
Nizomning 90-bandiga asosan, hokim qarorini olganidan so‘ng ikki ish kunida davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, yer uchastkasiga oid guvohnomani tadbirkorga berishi lozim edi. Nega 23 iyul kuni chiqarilgan hokim qarori haligacha ijro etilmayapti? Yoki ular hokim qarorini tan olmaydimi?
Hokimlik va kadastr tashkilotlari tomonidan yer qachon beriladi?
Savollar bisyor, javoblar esa hozircha yo‘q. Ma’lumot berish navbati Marhamat tuman hokimligi va kadastr tashkilotiga.
Tezkor va xolis ma’lumot bergani “E-IJRO AUKSION” Markazi tahsinga sazovor.
LiveBarchasi