Ehtimoliy yangi rahbar – Xolid Mash’al G‘azodagi qirg‘inni to‘xtata oladimi?
Tahlil
−
23 Oktabr
3646Isroil ko‘chalarida katta bayramga sabab bo‘lgan HAMAS harakatining sobiq yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘limidan so‘ng uning o‘rniga tayinlanishi kerak bo‘lgan navbatdagi lider nomi hali ham rasman ochiqlanmadi. Yaqin Sharqdagi ko‘plab manbalar harakat ba’zi sabablarga ko‘ra yangi rahbarning kim ekanligini sirligicha qoldirishi haqida xabar bermoqda. HAMAS rahbariyati atrofidagi xavfsizlik muammolari va mavjud tahdidlar tufayli harakat shunday qarorga kelgan bo‘lish ehtimoli yuqori. Chunki ortda qolgan 3 oy davomida islomiy qarshilik harakatlari rahbarlari SAXAL va “Mossad” tomonidan birin-ketin yo‘q qilindi. Hatto “Hizbulloh”ning marhum yetakchisi Hasan Nasrullohdan so‘ng uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan ehtimoliy vorisi Hoshim Safi ad-Din bu lavozimga tayinlangani rasman e’lon qilinmasidan ilgari Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi. HAMAS esa shu va qolgan so‘nggi voqeliklardan xulosa chiqargan holda yangi rahbar kim ekanligini rasman e’lon qilish niyatida emas. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, harakatning navbatdagi yetakchisi kimligi deyarli ma’lum. Bu katta ehtimol bilan 1996 yildan 2017 yilgacha xuddi shu lavozimda faoliyat yuritgan 20 yillik lider Xolid Mash’aldir. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u allaqachon harakat rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib bo‘lgan. HAMAS va rasmiy Tel-Aviv o‘rtasidagi ziddiyat va Isroilning G‘azodagi bugungi qirg‘inlari sharoitida Mash’alning oldida qator ustuvor masalalar mavjud. Bular – Isroilning G‘azoga bosqinini to‘xtatish hamda mahbuslarni almashish borasidagi muzokaralarni tashkil qilish va ijobiy natijalarga erishish kabi vazifalardir. Xo‘sh, Xolid Mash’al o‘zi kim, u HAMAS va Falastin siyosiy hayotida qanday iz qoldirgan va uning mojarodagi bugungi ahamiyati qanday? Quyida shu va boshqa mavhumotlarga oydinlik kiritamiz.
Quvg‘unlikda o‘tgan hayot
Xolid Mash’al 1956 yilda G‘arbiy Sohildagi Silvad shahrida tug‘ilgan. 1967 yilda bo‘lib o‘tgan 6 kunlik Arab-Isroil urushidan so‘ng G‘arbiy Sohil Isroil tomonidan okkupatsiya qilingach, Mash’alning oilasi Quvaytga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi. U 15 yoshida islomiy harakatga qiziqib qolgan holda, Quvaytdagi Musulmon Birodarlarining Falastin bo‘limiga qo‘shilgan. Mash’al 1974 yilda Quvayt universitetiga kirib, u yerda fizika bo‘yicha o‘qishni tamomlaydi. U o‘qishni tamomlagandan so‘ng fizika fanidan dars bera boshlashi bilan birga Falastin islomiy harakatidagi faoliyatini davom ettiradi. 1984 yilga kelib, Mash’alning islomiy harakatdagi faoliyati jiddiy tus ola boshladi. U shu yili G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda ijtimoiy xizmatlar tarmog‘ini qurish va falastinliklarning harbiy salohiyatini rivojlantirish uchun yo‘lga qo‘yilgan moliyaviy yig‘im tizimiga bor vaqtini sarflash maqsadida o‘qituvchilikni tashlaydi. 1987 yilda Shayx Ahmad Yosin tomonidan HAMASga asos solingach, qarshilik o‘qidagi uzoq yillik xizmatlari tufayli Mash’al yangi harakatning Quvaytdagi yetakchisiga aylandi. 1990 yilda Saddam Husayn boshchiligidagi Iroq kuchlari Eron bilan bo‘lgan 10 yillik urushdan so‘ng, yo‘qotishlarni kompensatsiya qilish uchun Quvaytga bostirib kirdi. Saddam o‘zining bu yurishi orqali Quvayt neftiga ko‘z tikkandi. Saddam Quvaytni bosib olganiga qaramay, bu uzoq davom etmadi. 1991 yili AQSH boshchiligidagi birlashgan koalitsiya kuchlari “sahro bo‘roni” nomli operatsiya orqali Iroqni tor-mor etgan holda Quvaytni ozod qildi. Keyinchalik aynan shu hodisa Xolid Mash’alning ushbu mamlakatdagi faoliyatiga nuqta qo‘yilishiga sabab bo‘ldi. Quvayt 300 000 falastinlik bilan birga Mash’alni o‘z hududidan chiqarib yubordi. U Quvaytdan haydalgandan so‘ng Iordaniyaga borib joylashdi va endi bu gal HAMASning shu yerdagi idorasini boshqara boshlaydi. 1992 yildan boshlab Xolid Mash’al HAMASning xalqaro aloqalari va harakat faoliyati uchun mablag‘ yig‘ishga mas’ul bo‘ldi. 1996 yilga kelib esa HAMASning siyosiy byurosi rahbari etib saylanadi. Aslida mazkur lavozim butun harakat ichidagi eng yuqori lavozim bo‘lsa-da, amalda Mash’al bunday kuchga ega emas, chunki bu paytda harakat asoschisi Ahmad Yosin hali tirik edi.
“Mossad” va Mash’al ijrosidagi blokbaster
1997 yilda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS tomonidan uyushtirilgan bir qancha xudkush operatsiyalar uchun harakatning siyosiy rahbari sifatida Mash’aldan qasos olishga kirishadi. U buni amalga oshirish uchun “Mossad”ga maxsus topshiriq yuklaydi. “Mossad”ning 8 nafar agenti Bosh vazirning buyrug‘iga ko‘ra, soxta Kanada pasportlari bilan sayyoh ko‘rinishida Iordaniya poytaxti Ammanga yo‘l oladi. Maxfiy topshiriq amalga oshiriladigan kuni ikki nafar agent HAMAS idorasi ofisining kirish qismida Mash’alning izini poylaydi. Hademay u ko‘rinish beradi va o‘z kabinetiga kirayotgan mahal agentlardan biri uning ortidan kelib, chap qulog‘iga unga sekin ta’sir qiluvchi zahar sepadi. Ammo Mash’alning qo‘riqchilaridan biri mazkur hujumni payqagach, zudlik bilan ikki agentning izidan tushib, ularni qochib ketishidan oldin tutishga ulguradi. Tez orada qolgan agentlar ham qo‘lga olinadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, Mash’alning ahvoli og‘irlashadi. Zahar qattiq bosh og‘rig‘i va tinimsiz qusishga olib keladi. Xolid Mash’al zudlik bilan kasalxonaga yetkaziladi va u yerda komaga tushadi. Voqeadan xabar topgan Iordaniyaning o‘sha paytdagi qiroli Husayn Talal Netanyaxudan Mash’alning qulog‘iga sepilgan halokatli zaharga qarshi antidot, ya’ni ziddi zahar yuborishni talab qildi. Ammo Husaynning bu harakati u HAMASni qo‘llab-quvvatlashidan emas, balki Mash’alning o‘limi Iordaniyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlari keltirib chiqarishi va buning oqibatida mamlakat jiddiy siyosiy beqarorlik domida qolishidan xavfsiragani tufayli amalga oshirilgandi. Ammo dastlab, Netanyaxu qirolning talabini bajarishdan bosh tortdi. Iordaniya esa bu borada kechayotgan savdodagi narxni ko‘targan holda Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzish hamda garovdagi 6 nafar “Mossad” agentining hayoti bilan tahdid sola boshladi. Ikki o‘rtadagi siyosiy mojaroga AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Bill Klinton aralashgach, Netanyaxu qirol Husaynning talabini bajarishga majbur bo‘ldi. Suiqasd uyushtirilganidan ikki kun o‘tib, “Mossad” rahbari Netanyaxuning roziligi bilan Iordaniyaga uchadi va ziddi zaharni Mash’al komada yotgan Qirol Husayn tibbiyot markazidagi shifokorlar qo‘liga topshiradi. Isroildan yuborilgan antidot orqali zarur choralar ko‘rilgach, Mash’al ikki kunlik komadan chiqadi va uning hayoti shu tarzda saqlab qolinadi. Biroq Iordaniya bu bilan ishni yopmaydi. Qirol Husayn Isroil Bosh vaziri Netanyaxudan hibsda saqlanayotgan HAMAS asoschisi Ahmad Yosinni ozodlikka chiqarishni ham talab qila boshlaydi. Buning evaziga esa o‘rtaga yana “Mossad” agentlarining hayoti qayta tikiladi. Netanyaxu bu muzokaralarda Iordaniyaga mutlaq taslim bo‘lgan holda agentlari uchun juda yirik badal to‘lagan Yosinni ozod qilishga majbur bo‘ladi.
Yana quvg‘unlar va HAMASni “qonuniylashtirish”
1999 yilda Iordaniya qiroli Husayn Talal vafot etdi. Uning taxtini egallagan o‘g‘li Abdulla II esa tez fursatlarda HAMASga qarshi choralar ko‘rishni boshlab yubordi. Yangi qirol HAMASning faoliyati Falastin ma’muriyati va Isroil o‘rtasidagi tinchlik muzokaralariga xavf tug‘dirishidan qo‘rqdi va harakatni noqonuniy tashkilot sifatida kvalifikatsiya qila boshladi. 1999 yil sentyabr oyida Iordaniya rasmiylari HAMASning bir nechta rahbarlarini, shu jumladan Xolid Mash’alni Eronga tashrifidan qaytgani zahoti hibsga oldi. Ular noqonuniy tashkilot a’zosi bo‘lish, qurol saqlash, harbiy mashqlar o‘tkazish va Iordaniyani o‘quv bazasi sifatida ishlatishda ayblanib ozodlikdan mahrum qilindi. Biroq oradan ma’lum muddat o‘tgach u ozod qilinib, Iordaniyadan chiqarib yuborildi. Mash’al bu voqeadan so‘ng qisqa muddat Qatarda, so‘ng 2001 yilga kelib, Suriyaga ko‘chib o‘tdi va poytaxt Damashqda HAMASning doimiy shtab-kvartirasini tashkil qildi. 2004 yilga kelib esa unda katta sahnaga chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu yili harakat asoschisi va ruhiy yetakchisi Shayx Ahmad Yosin Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgandan so‘ng, Xolid Mash’al nihoyat HAMASning eng asosiy rahbari va markaziy shaxsiga aylandi. Oradan ikki yil o‘tib, 2006 yilda u harakatni siyosiy tuzilma shakliga keltirishga erishdi. Shu yili HAMAS Falastin ma’muriyatining parlament saylovlarida qatnashdi va ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Hatto harakat a’zosi Ismoil Xoniya Falastin ma’muriyatida bosh vazir bo‘lib faoliyat ko‘rsata boshladi. Biroq HAMASning Falastinda qonuniy tuzilma sifatida ko‘rilishi xalqaro sanksiyalarga olib keldi. Chunki xalqaro hamjamiyat harakatdan Isroilni tan olishni talab qilar, ammo HAMASning bosh g‘oyasi harakat tashkil topgandan buyon o‘zgarmasdi. Shu taxlit Falastindagi fraksiyalar o‘rtasida ziddiyat avjiga chiqdi. Oqibatda HAMAS G‘arbiy Sohilni Falastin ma’muriyatiga qoldirib, o‘zi G‘azoga yo‘l oldi va sektor ustidan mustaqil nazorat o‘rnatdi. Xolid Mash’al esa harakat boshqaruvini Suriyadan turgan holda boshqarishda davom etdi. Uning siyosiy byuro rahbari sifatida 2012 yilgacha bo‘lgan faoliyati asosan asirlar almashinuvi bilan esda qoldi. Xususan, 2011 yilda HAMAS tomonidan asirga olingan SAXAL askari Gilad Shalit o‘rniga naqd 1027 ta falastinlik mahkum, jumladan Yahyo Sinvar Isroil va HAMAS o‘rtasida kechgan o‘zaro asirlar almashinuvi doirasida ozod qilindi. Shundan so‘ng hayoti asosan quvg‘unda o‘tgan Xolid Mash’al 2012 yilda yana bir shunday voqeani boshdan kechirdi. “Arab bahori” ta’sirida Suriyada boshlangan fuqarolar urushi 2012 yilga kelib keskin tus oldi va Mash’al Suriyani tark etib, yana Qatarga qaytdi. U harakatni Suriya hukumatidan uzoqlashtirdi va Damashqdagi idoralarini yopdi. Ko‘p o‘tmay, Mash’al Asadga qarshi bo‘lgan muxolifat kuchlarini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi va bu bilan katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Chunki harakat yetakchisining bu ishi Suriya rejimining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Eronning hafsalasini pir qildi. Rasmiy Tehronning bu noroziligi uning HAMASni moliyalashtirishining oqsashida yaqqol namoyon bo‘ldi. Eron tomonidan HAMASga ajratiladigan 200 million dollardan oshiqroq yillik yordam keskin qisqardi. “Arab bahori”ning dahshatlari va Qatarga ko‘chish effekti Mash’alning qarashlarini o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. U bu paytga kelib HAMASni qurolli qarshilikka emas, balki ommabop qarshilikka yo‘naltirish niyatini bildirdi. Ammo yetakchi o‘zining bu pozitsiyasi tufayli guruh ichida qarshiliklarga duch keldi va 2012 yil oxirida Isroil va HAMAS o‘rtasida mojaro yana qaytalangandan so‘ng Mash’al qurolli qarshilik ko‘rsatishni davom etishini tasdiqlashga majbur bo‘ldi.
G‘azoga ilk tashrif
Xolid Mash’al g‘azolik emas va u sektorga 2012 yilda umrida ilk bor tashrif buyurgandi. 2011 yilda Husni Muborak ag‘darilib, Misrdagi hokimiyat almashgandan so‘ng, 2011 yildan 2013 yilgacha Misr va G‘azo sektori o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punkti qayta ochildi. Bu esa Mash’alga 2012 yilda hayotida birinchi marta G‘azo sektoriga tashrif buyurishga imkon berdi. U HAMAS tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan sektorga to‘rt kunlik tashrifni amalga oshirishga qaror qildi. Misr va G‘azo o‘rtasidagi Rafah chegara punktiga yetib borgach, yerga sajda qilgancha yig‘lab yubordi. Mash’al o‘zining sektorga qilgan mazkur tashrifini “uchinchi tug‘ilish” deb atadi.
“Mening birinchi tug‘ilishim bu dunyoga kelishimdir. Ikkinchisi esa zaharlanishdan tuzalib, omon qolganimda sodir bedi. G‘azoga tashrif bo‘lsa uchinchisidir. Xudodan to‘rtinchi tug‘ilishim esa butun Falastinni ozod qiladigan kun bo‘lishini so‘rayman”, degan Mash’al.
Boshqaruvdan ketish va bugungi qaytish
Xolid Mash’al 2017 yilda siyosiy byuro rahbarligidan ketdi. Uning o‘rnini haqiqiy G‘azo rezidenti va HAMASning sektordagi hukumati rahbari Ismoil Xoniya egalladi. Harakat ichidagi bu o‘zgarish boshqaruvni xorijda yashovchi rahbarlaridan G‘azoda yashovchilarga topshirilishini anglatardi. Mash’alning Xoniya bilan almashtirilishi HAMASga eski ittifoqchilar bilan aloqalarni normallashtirish imkonini taqdim qildi. Xususan, 2012 yilda Xolid Mash’al tufayli Eron bilan yomonlashgan munosabatlar yana avvalgi holga qaytdi. Xoniya va Sinvar kabi yangi rahbarlar bunda asosiy figura bo‘lib xizmat qildi. Ammo Mash’alning harakat tarkibidan uzoqlashishi ham uzoq davom etmadi. U 2021 yilda HAMASning diaspora masalalari bilan shug‘ullanuvchi rahbari etib saylanadi. Shundan so‘ng, HAMAS va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat davrida ma’lum vaqt sukunat hukmronlik qildi. Biroq 2023 yilning 7 oktyabrida butun dunyoni larzaga solgan mudhish voqealar boshlandi. Ortda qolgan bir necha oy ichida esa HAMAS rahbariyati tarkibi katta tezlikda siyraklashdi. Harbiy qanot rahbari Muhammad Deyf, siyosiy byuro rahbarlari Ismoil Xoniya, undan keyin shu lavozimni egallagan Yahyo Sinvar birin-ketin Isroil kuchlari tomonidan yo‘q qilindi. Shu bois bugungi sharoitda Mash’al harakat yetakchisi rolida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi nomzodlardan biri sifatida paydo bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, endi uning oldida qirg‘inni to‘xtatish, mahbuslarni almashish jarayonini tiklash va yakunda tinchlikka erishish kabi borgan sari o‘ta qiyinlashayotgan vazifalar turibdi.