“Dushmanimning dushmani – mening do‘stim”. Ukraina Navalniy mojarosiga munosabat bildirdi
Olam
−
25 yanvar 2021
8957Kiyev Aleksey Navalniyni ozod qilish haqidagi chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning “Ukraina 24” telekanaliga bergan intervyusida so‘z boradi.
Vazirga ko‘ra, Aleksey Navalniy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning dushmani bo‘lgani uchun Ukraina siyosatchini ozod qilishga bo‘lgan chaqiriqlarni qo‘llab-kuvvatlaydi.
“Hozir Rossiya Federatsiyasida sodir bo‘layotgan voqealar Ukrainaning manfaatlari uchun ham muhimdir... Bir naql bor: dushmanimning dushmani – mening do‘stim. Buni ayni vaqtda norozilik namoyondasi sifatida gavdalanayotgan Navalniy bilan bog‘liq vaziyatda ham qo‘llash mumkin.
Aslini olganda, rossiyaliklar Navalniyni emas, balki o‘zlarini himoya qilgani namoyishga chiqdi. Biroq Navalniy Putinning dushmani. Biz shuning uchun ham Navalniyga ozodlik talab qilib namoyishga chiqqanlarni qo‘llaymiz”, deydi vazir Kuleba.
Avvalroq, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi 23 yanvar kuni Rossiyada bo‘lib o‘tgan ruxsatsiz miting qatnashchilarini kuchishlatar tuzilmalar tomonidan hibsga olinishini qoralagan edi.
O‘z o‘rnida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Navalniy bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan munosabat bildirayotgan chel el siyosatchilaridan xalqaro huquqni hurmat qilgan holda, mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy 2020 yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, joriy yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va o‘sha vaqtdayoq hibsga olindi.
Keyinchalik, Rossiyaning Ximki shahar sudi Jazoni ijro etish federal xizmati da’vosiga ko‘ra, muxolifatchi Aleksey Navalniyni 30 sutkaga ya’ni 2021 yilning 15 fevraligacha qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.
Joriy yilning 19 yanvar kuni Navalniy hibsdaligida u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlangan “Putin uchun saroy“ nomli surishtiruv filmi YouTube platformasiga joylandi. Ushbu filmning kirish qismida 23 yanvar kuni soat 14:00 ga xalqni namoyishga chiqishga chaqiruv mavjud edi.
Shundan so‘ng, 23 yanvar kuni Rossiyaning bir nechta yirik shaharlarida mitinglar bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi