Dushanbeda elektrosamokat va elektroskuterlarni haydash taqiqlandi
Olam
−
08 Oktabr 2025 2536 2 daqiqa
Tojikistonning poytaxti sanalmish Dushanbe shahrida 2030 yilgacha avtomobil yo‘llari va piyodalar hududlarida elektrosamokatlar, elektroskuterlardan hamda boshqa shaxsiy elektr transport vositalaridan (belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tganlar bundan mustasno) foydalanish taqiqlandi. Bu tartib Dushanbe shahar xalq deputatlari majlisi qaroriga asosan qabul qilindi.
OAV ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar shaharning barcha tumanlarida amal qiladi, faqat maxsus ajratilgan joylar bundan mustasno bo‘ladi.
Mazkur qaror yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, barcha ishtirokchilarning manfaatlarini himoya qilish va shunday transport vositalaridan xavfsiz foydalanish uchun zarur infratuzilmani yaratishga qaratilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan beri Dushanbeda elektrosamokat va elektroskuterlar ishtirokida 26 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu hodisalarda 3 kishi halok bo‘lgan, 24 kishi esa jarohat olgan.
Dushanbe shahar Ichki ishlar boshqarmasi ota-onalarga murojaat qilib, voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirmaslikka va taqiqlangan transport vositalaridan foydalanmaslikka chaqirgan.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning betartib samokat uchishiga oid shikoyatlar ko‘paygan. Ular elektrosamokatlarda tez yurib, piyodalarni urib ketayotganligi aytilgan.
Shundan so‘ng, Dushanbeda elektroskuter egalari o‘z transport vositalarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamlarini olishlari shartligi belgilangan.
Bunday choralar faqat haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi oqibatida sodir bo‘ladigan YTHlar sonini kamaytirish uchun emas, balki mamlakatdagi transport vositalarini hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida ham joriy etilgan.
Ro‘yxatdan o‘tkazish talabi – agar elektroskuterning tezligi 40 km/soatdan oshsa va dvigatel hajmi 50 kub santimetrdan katta bo‘lsa qo‘llaniladi.
Agar haydovchi transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortsa, u Tojikiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 310-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Bu moddada mexanik transport vositalari va tirkamalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini buzganlik uchun jarima jazosi qo‘llanilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1 oktyabrdan moped va skuter haydash uchun avtoraqam va haydovchilik guvohnomasini talab qiluvchi qonun kuchga kirdi.
Toshkent shahrining Sergeli tumanida skuter va mototsikl to‘qnashib ketishi oqibatida ikki haydovchi vafot etgandi.
Live
Barchasi