Dushanbe aybni to‘liq Qirg‘izistonga yukladi
Olam
−
14 aprel 2022
7450Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin Qirg‘iziston tashqi idorasi rahbari Ruslan Qozoqboyev bilan telefon orqali muloqotda qirg‘iz chegarachilarining harakatlarini qoralab, 12 aprel kuni ikki davlat chegarasida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Tojikiston diplomatik missiyasining axborot va matbuot departamenti xabar berdi.
“Qirg‘iziston chegarachilarining harakatlarini qoralagan Sirojiddin Muhriddin voqeani xolisona o‘rganish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, suhbat kecha, 13 aprel kuni bo‘lib o‘tgan.
TIV ham hodisa natijasida “jabrlanuvchi borligini” tasdiqlagan.
Tojikiston diplomatik departamentining qo‘shimcha qilishicha, Muhriddin va Qozoqboyev tojik-qirg‘iz hamkorligining dolzarb masalalari hamda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi hamda 13 may kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishni muhokama qilgan.
“Vazirlar doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar”, deyiladi xabarda.
Ikki davlat chegarachilari o‘rtasidagi mojaro 12 aprel kuni boshlangan. 13 aprel kuni tomonlar qarama-qarshilik zonasidan qo‘shimcha kuch va texnikani olib chiqishga kelishib oldi. Bishkek ma’lumotlariga ko‘ra, qirg‘iz tomondan olti kishi yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 14 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaat qilib, o‘z prezidentlik muddatining oxiriga qadar chegara bilan bog‘liq barma muammolarni hal etishga va’da berdi.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.
Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.
So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.
Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.