Dunyoning “Tolibon” bilan muloqot qilishdan boshqa chorasi yo‘q – Imron Xon
Olam
−
14 fevral 2022
14548Afg‘onistonda hozirda “Tolibon” harakatining qudratiga muqobil yo‘q va dunyoning toliblar bilan muloqot qilishdan boshqa chorasi ham yo‘q. Bu haqda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Afg‘onistonda hozirda “Tolibon” kuchiga muqobil yo‘q hamda butun dunyo inklyuziv hukumat yaratish va inson huquqlarini ta’minlash uchun ular bilan hamkorlik qilishi kerak. Agar Afg‘onistonga qarshi sanksiyalar joriy etilsa, bu mamlakat tartibsizlik va gumanitar inqirozga duch kelishi mumkin”, deydi Bosh vazir.
Unga ko‘ra, Afg‘onistondagi beqarorlik tufayli Pokiston afg‘on qochqinlari muammosiga duch kelmoqda va terrorizm kuchaymoqda.
“2021 yilgacha Pokiston hududida 3 million afg‘on qochqinlari bo‘lgan. O‘tgan yili “Tolibon” Qobulni qo‘lga kiritgach, Pokistonga yangi qochqinlar oqimi kirib keldi va mamlakatimizga deyarli 250 ming afg‘on ko‘chib keldi. Ular orasida terrorchilar ham bor edi”, deya ta’kidlagan u.
Imron Xonning fikricha, AQSHning Afg‘onistondagi siyosati terrorizmning ortishiga va uchuvchisiz samolyotlar hujumi oqibatida tinch aholi qurbon bo‘lishiga olib keldi.
“Pokiston AQSHning terrorizmga qarshi urushiga qo‘shilganidan so‘ng, mamlakatimizda terrorchilik harakatlari natijasida 80 ming kishi halok bo‘ldi. Bu urush davom etar ekan, terrorchilar faollasha boshladi”, degan Bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonni tark etdi, ammo bu mamlakatda terrorchilik hujumlari davom etmoqda.
“AQSH Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumatini ertami-kechmi tan oladi. Bu barcha manfaatlarga mos bo‘lgan Afg‘onistondagi barqarorlikka hissa qo‘shadi, shuningdek, Pokistonda barqarorlik va tinchlikni ta’minlaydi”, degan u.
“Tolibon” Afg‘onistonda nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiyani AQSH bahorda u yerdan harbiy kuchlarini olib chiqish niyatini e’lon qilganidan so‘ng boshladi. 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi. Prezident Ashraf G‘ani iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi. 7 sentyabr kuni “Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid muvaqqat Afg‘oniston hukumati tarkibini e’lon qildi, uning tarkibiga faqat harakat a’zolari kiritildi. Afg‘onistonda iqtisodiy vaziyat keskin yomonlashmoqda: oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlari oshib bormoqda, yuz minglab odamlar ishsiz qolgan, mamlakatda moliyaviy faollik keskin pasaygan.
LiveBarchasi