Dunyodagi eng mashhur alpinist Pokistondagi cho‘qqida halok bo‘ldi

Olam

image

Dunyoning eng mashhur alpinistlaridan biri, dunyodagi eng baland 14 ta tog‘ni zabt etish bo‘yicha rekordi bilan ko‘pchilikka tanilgan Nirmal Purja qor ko‘chkisi oqibatida halok bo‘ldi. Hodisa Pokistondagi balandligi 8047 metr bo‘lgan Broud-Pik cho‘qqisida (bu dunyodagi 12-eng baland cho‘qqi) sodir bo‘ldi. Bu haqda uning “Elite Exped” turistik agentligi Instagram’da ma’lum qildi.

“Bugun chuqur qayg‘u va yurakdagi chidab bo‘lmas og‘riq bilan Nirmal “Nimsday” Purja Broud-Pikdagi qor ko‘chkisi sababli fojiali tarzda halok bo‘lganini tasdiqlaymiz. Shuningdek, ekspeditsiyaning boshqa ishtirokchilari ham, afsuski, omon qolmagani haqida tasdiq oldik. Dunyo eng buyuk alpinistlardan birini, o‘zining jasorati, kamtarligi va inson biz o‘ylagandan ancha ko‘proq narsaga qodirligiga bo‘lgan mustahkam ishonchi bilan millionlab odamlarni ilhomlantirgan yetakchini yo‘qotdi”, deyiladi postda.

Purja 2019 yilda balandligi sakkiz ming metrdan ortiq bo‘lgan barcha 14 ta cho‘qqiga tezkorlik bilan chiqishga qaror qilganidan so‘ng mashhur bo‘lgan. Bu alpinistlar uchun eng oliy yutuq hisoblanadi. O‘sha paytda buni hammadan tez janubiy koreyalik alpinist Kim Chang Xo (u 2018 yilda Himalaydagi qor bo‘ronida halok bo‘lgan) deyarli sakkiz yilda amalga oshirgan edi. Purja esa xuddi shu narsani yetti oyda takrorlashga qaror qilgan. 

Uning aytishicha, maqsadi inson imkoniyatlarining cheksizligini ko‘rsatish, Nepalga sayyohlarni jalb qilish va iqlim inqiroziga e’tibor qaratish bo‘lgan. 

“2014 yilda ovqat tayyorlash uchun Ama-Dablam (olti minglik cho‘qqi) bazaviy lagerida qorni eritar edik. O‘tgan yili u yerda umuman qor qolmagan edi”, degan Purja intervyularidan birida.

Ko‘pchilik alpinistlar nepallikning bu rejasini amalga oshirib bo‘lmaydi deb hisoblagan, homiylar esa uni qo‘llab-quvvatlashni xohlamagan. Purja tayyorgarlik uchun o‘z jamg‘armalaridan 55 ming funt sterling sarflagan, kraudfanding kampaniyasini boshlagan va tog‘larga yo‘l olgan.

Bir oradan bir oy o‘tib, butun dunyo u haqida bilgan. 2019 yil 23 may kuni Purja ijtimoiy tarmoqqa Everest cho‘qqisiga navbatda turgan alpinistlar suratini joylashtirgan. Rasm o‘n minglab layklar to‘plagan va dunyoning yirik nashrlari muqovasida paydo bo‘lgan. Purja Everestdagi alpinistlarning kuchini oladigan “tirbandlik” muammosiga e’tiborni qaratgan. O‘shanda, bahorgi mavsumda tog‘da 11 kishi halok bo‘lgan, shundan so‘ng Nepal ko‘tarilish uchun litsenziya olish talablarini kuchaytirgan.

Surat tufayli erishilgan ommaboplik orqali Purja homiylar topgan va 2019 yilda rekord o‘rnatgan – o‘shanda dunyoning 12 ta eng baland cho‘qqisini zabt etishga 189 kun sarflangan. O‘z rekordi haqida u tezda “Imkoniyat chegarasidan tashqarida” deb nomlangan kitob chiqargan, Netflix esa “14 cho‘qqi: imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q” hujjatli filmini suratga olgan. 2024 yilda Purja yana bir rekordni yangilagan – u qo‘shimcha kislorodsiz barcha 14 ta cho‘qqini dunyoda eng tez zabt etgan.

Alpinist o‘z muvaffaqiyatining sabablarini oddiygina tasvirlagan:

“Bu mashg‘ulotlar, fiziologiya va psixologiyaning kombinatsiyasi edi. Men fanni juda yaxshi tushunmayman, lekin tanam nimaga qodirligini bilaman va uni eshitaman. Tog‘dan oxirgi madorim bilan tushayotganimda esa tanamni eshitib bo‘lmaydi. Bunday paytlarda o‘zimga: “Agar qaytib bormasam, o‘z tariximni qanday aytib beraman?” deyman”.

Alpinistlar uchun eng xavfli cho‘qqilardan biri hisoblangan va muntazam ravishda odamlar halok bo‘ladigan Broud-Pik cho‘qqisiga Purja 2026 yilda ko‘tarilishni rejalashtirmagan. Biroq iyul oxirida u cho‘qqiga chiqishga qaror qilgan va o‘n nafar professional alpinistdan iborat otryadga boshchilik qilgan.

“Pokistonga jo‘nab ketishdan biroz oldin 8000 metrdan baland cho‘qqilarga ko‘tarilganlarimni qayta hisoblab chiqdim va kallamga ajoyib fikr keldi: agar hozir Broud-Pikni zabt etsam, faqat bitta – Cho-Oyyu qoladi. Shunda men tarixda barcha 14 ta sakkiz minglik cho‘qqini ikki marta zabt etgan birinchi inson bo‘laman. Kislorodsiz”, deb yozgan alpinist X tarmog‘ida. 

U, shuningdek, hech qachon boshqa odamlar bilan musobaqalashmaganini, faqat “kechagi o‘zi bilan” bellashganini qayd etgan.

Joriy yilning 30 iyul kuni tog‘dan qor ko‘chgan. Purja boshqa ko‘plab alpinistlar kabi o‘zi bilan Garmin GPS-trekerini olib yurgan. Treker ko‘tarilish boshlanganidan keyin to‘rt soat davomida lagerdagi boshqa alpinistlarga uning joylashuvini uzatib turgan.

Qor ko‘chkisi sodir bo‘lgan paytda Purja 6660 metr balandlikda bo‘lgan. Oradan bor-yo‘g‘i 30 daqiqa o‘tib qor oqimi sababli u 600 metrdan ortiq pastga tushib ketgan. Ummonlik alpinist ayol Nadhira Al Hartining GPS-trekeri esa hatto 1600 metr pastga tushib ketgan.

“Elite Exped” tur agentligi hammuassisi Mingma Gyabu Sherpa Purja yiqilishdan keyin omon qolgan bo‘lishi mumkinligiga umid qilgan, chunki uning GPS-trekeri joylashuvini o‘zgartirishda davom etgan.  Biroq kecha, 1 avgust kuni Nepal Bosh vaziri Balendra Shoh ham Nirmal Purja va uning otryadidagi barcha a’zolarning halok bo‘lganini tasdiqladi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing