5 nafar bosniyalik alpinist Rossiya tog‘larida halok bo‘ldi
Olam
−
27 iyul 2398 1 daqiqa
Rossiyaning Elbrus tog‘ida kuchli bo‘ron oqibatida 5 nafar bosniyalik alpinist halok bo‘ldi. Ob-havo noqulayligi sababli ulardan 3 nafarining jasadi hali tog‘dan olib tushilmagan. Bu haqda RIA Novosti Rossiya rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilar dengiz sathidan 5 350 metr balandlikda 2 nafar halok bo‘lgan alpinistning jasadini evakuatsiya qilganini ma’lum qilgan. Bundan avval esa 2 nafar tirik qolgan alpinist qutqarilib, tibbiy yordam uchun shifoxonaga olib ketilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasining mintaqaviy boshqarmasi qutqaruvchilar yana 3 nafar halok bo‘lgan alpinistning jasadini topganini, ammo yomon ob-havo tufayli ularni hozircha evakuatsiya qilish imkoni bo‘lmayotganini bildirgan.
Rossiya rasmiylari halok bo‘lganlarning fuqaroligini ochiqlamagan bo‘lsa-da, mahalliy huquq-tartibot idoralari nashrga ular Bosniya va Gersegovina fuqarolari ekanini ma’lum qilgan.
Balandligi 5 642 metr bo‘lgan, Gruziya chegarasining shimolida joylashgan Elbrus tog‘i ob-havo va tog‘ga chiqish sharoitining keskin o‘zgarishi bilan mashhur.
Bosniya ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, yetti kishidan iborat alpinistlar guruhi mamlakatning Zenitsa shahri aholisi bo‘lgan. Ular orasida turmush qurgan juftlik hamda mahalliy shifoxonada ishlovchi ayol shifokor ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nepallik sherpa (tog‘ yo‘lboshlovchisi) Everestda ovqatsiz va qo‘shimcha kislorodsiz olti kun qolib ketib tirik qolgandi.
Live
Barchasi