Dunyodagi eng katta raketaning sinov parvozi kechiktirildi
Texnologiya
−
18 aprel 2023 12878 2 daqiqa
SpaceX o‘zining Oy, Mars va undan uzoq masofalarga astronavtlarni yuborish uchun yaratgan tarixdagi eng katta raketa – Starship'ning ilk sinov parvozini kechiktirdi. Bu haqda “Yahoo News” xabar berdi.
SpaceX kompaniyasining ma’lum qilishicha, raketa parvoziga bir necha daqiqa vaqt qolganida kuchaytirilgan bosqichdagi bosim sabab jarayon to‘xtatilgan.
SpaceX asoschisi Ilon Maskning ta’kidlashicha, bosim klapani muzlab qolgan, bu esa Texasning Boka-Chika shahridagi SpaceX kosmodromi Starbase'dan mahalliy vaqt bilan 08:20 (Toshkent vaqti bilan 18:20) da parvoz bekor qilinishiga sabab bo‘lgan. Mask bir necha kundan keyin parvozni amalga oshirishga yana urinib ko‘rishi haqida yozgan. Bu raketani uchirish kamida 48 soatga kechiktirilganini anglatadi.
NASA 2025 yil oxirida “Artemida III” dasturi doirasida astronavtlarni Oyga olib chiqish uchun aynan Starship raketasini tanlagan. Bu 1972 yilda “Apollon” missiyasi yakunlanganidan keyingi dastlabkisi bo‘lishi kutilmoqda.
Ilon Mask parvozdan avval uning kechiktirilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
“Bu juda xavfli parvoz. Bu o‘ta murakkab va ulkan raketaning dastlabki parvozi. Uning ishdan chiqishiga millionlab omillar sabab bo‘lishi mumkin. Biz juda ehtiyot bo‘lamiz va agar bizni xavotirga soladigan nimanidir ko‘rsak, parvozni keyinga qoldiramiz”, degan edi u.
Starship dastlab orbitaga chiqarilishi, so‘ng boshqa raketa yordamida unga yoqilg‘i to‘ldirilib, Marsga qadar yetkazib borilishi reja qilingan.
Mask ushbu dasturning maqsadi Oy va Marsda bazalar qurish hamda odamlarni ko‘p sayyoraviy sivilizatsiyaga ega bo‘lishini yo‘lga qo‘yish ekanini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi