Dunyodagi eng quruq Atamaka cho‘lini qor qopladi (video)
Olam
−
27 iyun 10086 2 daqiqa
Chilida joylashgan dunyodagi eng quruq Atakama cho‘lini qor qopladi. Bu haqda ushbu cho‘l hududida joylashgan ALMA observatoriyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Ishonish qiyin! Chilidagi Atakama cho‘li – dunyodagi eng quruq cho‘l qor bilan qoplandi!” deyiladi xabarda.
Observatoriya vakillarining bildirishicha, bunday hodisa Atakama cho‘lida so‘nggi o‘n yil ichida birinchi marta kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun, Atakama cho‘li Janubiy Amerikaning g‘arbiy sohilida, Chili hududida joylashgan bo‘lib, Tinch okeani sohili bo‘ylab taxminan 1000 kilometrga cho‘zilgan tor hududni egallaydi. Peru oqimi atmosferaning quyi qatlamlarini sovitadi va yog‘ingarchilikning oldini oluvchi harorat inversiyasini hosil qiladi (yiliga 50 millimetrdan kam yog‘ingarchilik). Bu yer Yer yuzidagi eng quruq hududlardan biri bo‘lib, 4 asr davomida sezilarli yog‘in kuzatilmagan. Hududda selitra, bor, yod, osh tuzi va mis konlari mavjud.
Shu o‘rinda, ALMA (Atacama Large Millimeter/submillimeter Array) – bu Chilidagi Atakama cho‘lida joylashgan dunyodagi eng yirik radioteleskop bo‘lib, u 66 ta antennadan iborat va millimetr hamda submillimetr diapazondagi kuzatuvlar uchun mo‘ljallangan. Bu orqali yulduzlar va galaktikalar shakllanadigan sovuq kosmik hududlarni o‘rganish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Afrika Respublikasida (JAR) kuchli sovuq tufayli kamida 49 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Shuningdek, tabiiy ofat oqibatida yuz minglab uylar elektr ta’minotisiz qolgan, kamida 58 ta maktab va 20 ta shifoxona suv bosishi tufayli zarar ko‘rgan. Shuningdek, taxminan 500 kishi evakuatsiya qilingan. Ularning uylari butunlay vayron bo‘lgan yoki kuchli zarar yetgan.