Tabiat “hazili”: eng quruq cho‘llardan biri qor ostida qoldi
Olam
−
13:53 2246 3 daqiqa
Chili shimolidagi odatda nihoyat quruq iqlimi bilan tanilgan Atakama cho‘lida joriy yilning avgust oyida ketma-ket kelgan qishki bo‘ronlar sabab keng hudud qor bilan qoplandi. Bu haqda NASA xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning avgust oyidagi qor yog‘ishi Atakamaning ayrim hududlarida kuzatilgan avvalgi holatlardan ko‘lami bilan farq qilgan. Xususan, bo‘ronlardan biri qor qoplamini And tog‘laridan Tinch okeani sohiliga yaqin hududlargacha yoygan.
NASA va AQSH Geologik xizmatiga tegishli Landsat 8 va Landsat 9 sun’iy yo‘ldoshlari 6-14 avgust kunlari hududni bo‘rondan oldin va keyin tasvirga olgan. Suratlarda Atakamaning baland tog‘li qismida joylashgan Chaxnantor platosi ham qor bilan qoplangani ko‘rinadi.

Mazkur hududda dunyodagi eng qudratli radio teleskoplardan biri – Atacama Large Millimeter/submillimeter Array (ALMA) joylashgan. Qor va kuchli shamol sabab teleskop faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, antennalar himoya rejimiga o‘tkazilgan.
Joriy yilning 19 avgust kuni NASA’ning Terra sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan tasvirlarda esa qor yanada katta hududni qamrab olgani qayd etilgan. Qor And tog‘laridan Atakamaning o‘ta quruq markaziy qismi orqali Antofagasta shahri janubidagi Tinch okeani sohiliga yaqinlashgan.
Olimlarning qayd etishicha, mintaqada qishki yog‘ingarchilikning asosiy qismi odatda atmosferadagi asosiy oqimdan uzilib qolgan past bosimli tizimlar bilan bog‘liq.
Avgust oxiridagi bo‘ron ham shunday tizim tufayli yuzaga kelgan. Biroq bu safar past bosimli tizim Janubiy Amerika janubidan subtropiklargacha cho‘zilgan nihoyatda katta atmosfera to‘lqinidan ajralib chiqqan.
Nam havo va atmosferadagi o‘zgarishlar yog‘ingarchilikning okeanusti, sohilbo‘yi hududlar, Atakama cho‘lining markaziy qismi va And tog‘larida kuzatilishiga olib kelgan. Chili universiteti atmosferashunosi Rene Garreaud bu miqdordagi yog‘ingarchilikni nihoyatda quruq hudud uchun kamdan-kam uchraydigan holat deb baholagan.
Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik qor emas, yomg‘ir ko‘rinishida tushgan. Masalan, Chilining shimoliy sohilidagi Taltal shahrida uch kun ichida qariyb 40 millimetr yomg‘ir yog‘gan. Bu hududning yillik o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdoridan taxminan 10 barobar ko‘p.
Kuchli yog‘ingarchilik Chili shimolida sel va suv toshqinlarini keltirib chiqargan. Mamlakatning Tabiiy ofatlarning oldini olish va javob qaytarish xizmati (SENAPRED) ma’lumotlariga ko‘ra, minglab odamlar zarar ko‘rgan, yuzlab uylarga jiddiy shikast yetgan.
Olimlar mintaqadagi g‘ayrioddiy nam qishni El-Nino hodisasining kuchayishi bilan ham bog‘lamoqda. Iyul oyida ham Chilining Norte-Chiko hududida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan.
Ma’lumot uchun, Atakama dunyodagi eng quruq hududlardan biri hisoblanadi. Unda qor yog‘ishi avval ham, jumladan 2025 va 2011 yillarda kuzatilgan, ammo joriy yilning avgust oyidagi hodisa qor qoplagan hududning kengligi bilan ajralib turgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Chilida joylashgan dunyodagi eng quruq Atakama cho‘lini qor qoplagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi