“Dunyodagi eng g‘amgin fil” vafot etdi
Bu qiziq
−
01 dekabr 2023
8376Filippinda 30 yildan ortiq yolg‘iz yashashga majbur bo‘lgan "dunyodagi eng g‘amgin fil" vafot etdi. Bu haqda “Independent” nashri xabar berdi.
Filippin poytaxti Maniladagi hayvonot bog‘ida Vishva Maali yoki qisqacha Mali ismli fil yashagan. O‘limi paytida u taxminan 43 yoshda edi, ammo uning aniq yoshi noma’lum.
Bu hayvon 30 yildan ortiq vaqt davomida ushbu hayvonot bog‘ida yagona fil bo‘lgani sababli hayvonlar himoyachilari orasida shuhrat qozongan. Shu sababli “People for the Ethical Treatment of Animals” (PETA) xayriya tashkiloti Malini “dunyodagi eng g‘amgin fil” deb atagan.
Mali Filippinga 1988 yilda Shri-Lankadan mamlakatning o‘sha paytdagi birinchi xonimi Imelda Markosga sovg‘a sifatida keltirilgan. Fil o‘zining birinchi oylarini Manila hayvonot bog‘ida Shiva ismli boshqa fil bilan birga o‘tkazdi.
Ammo 1990 yilda Shiva vafot etdi va o‘shandan beri Mali Manila hayvonot bog‘ida o‘z turining yagona vakili bo‘lib qoldi, chunki muassasaning boshqa fil sotib olishga puli yo‘q edi. Hayvonlar huquqlari faollari bir necha bor Malini boshqa davlatga ko‘chirishga chaqirgan va Manila hayvonot bog‘i rahbariyatini unga nisbatan yomon munosabatda bo‘lgani uchun tanqid qilgan.
PETA 2005 yilda Malini qayta joylashtirish bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab kampaniya boshladi. Aksiyaga, xususan, Nobel mukofoti laureati Jon Maaksvell Kutsi, qo‘shiqchi Pol Makkartni, aktrisa Brijit Bardo va boshqa taniqli shaxslar qo‘shildi. Ammo oxir-oqibat bu ish bermadi va Mali 30 yildan ortiq – deyarli butun hayotini yolg‘iz yashadi.
Hayvonot bog‘ining bosh veterinar shifokori, doktor Geynrix Patrik Penya-Domingoning so‘zlariga ko‘ra, Mali oxirgi paytlarda doimiy ravishda tanasini devorga ishqalagan, bu ichki og‘riqni ko‘rsatgan. 28 noyabr kuni jonivorning ahvoli yomonlashdi, u yonboshlab yotar, og‘ir nafas olardi. Hayvonot bog‘i veterinarlari unga antigistaminlar va vitaminlar bergan, ammo u o‘sha kuni tushdan keyin vafot etgan. Autopsiya natijasida Malida oshqozon osti bezi saratoni borligi aniqlangan.
PETA hayvonot bog‘i va Filippin hukumatini filning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga e’tibor bermaslikda va uni o‘nlab yillar davomida "yakkalik kamerasida" ushlab turishda aybladi.