Dunyodagi eng baxtli xodimlar qaysi sohada ishlashi aniqlandi

Bu qiziq

image

BambooHR tomonidan o‘tkazilgan yangi tahlil natijalariga ko‘ra, qurilish ishchilari har qanday yirik sanoat sohasida faoliyat yurituvchi xodimlardan baxtliroqdir. Bu haqda CNBC nashri xabar berdi. 

HR dasturiy platformasi 2020 yilning yanvaridan 2023 yilning iyuniga qadar butun dunyo bo‘ylab 1 ming 600 dan ortiq kompaniyada ishlovchi 57 mingdan ortiq xodimlarining ma’lumotlarini tahlil qildi. Hisobotda bildirilishicha, so‘nggi uch yil ichida ko‘plab xodimlarning baxtlilik darajasi o‘zgargan bo‘lsa-da, qurilish ishchilarining baxtiyorlik ko‘rsatkichlari doimiy ravishda yuqori bo‘lib qolmoqda. Bunga asosan ish haqining oshib borishi va ko‘plab imkoniyatlar mavjudligi sabab bo‘lgan.

“Qurilish ishchilarining soatlik ish haqi 2022 yilda so‘nggi 40 yil ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi”, deb xabar berdi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi eng yirik qurilish savdo uyushmalaridan biri bo‘lgan “Associated General Contractors of America”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish ishchisi uchun o‘rtacha soatlik ish haqi 17,7 dollarni tashkil qiladi. Ammo kelishuvga qarab ish haqi 28,83 dollargacha ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Covid-19 pandemiyasidan so‘ng, uy qurish va turar-joylarni ta’mirlashga talab yanada ortdi. Jumladan, AQSHda qurilishga sarflangan xarajatlar 2020 yildan beri doimiy ravishda o‘sib bordi va 2023 yilning iyul oyida 1,9 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, ushbu soha vakillariga yaratilgan imkoniyatlar ko‘lami ham ancha keng. 

“Qurilish ishchilari o‘z kareralarida ko‘tarilishlari uchun malaka oshirish va shogird tushishda yordam beradigan ko‘plab professional tashkilotlardan foydalanishlari mumkin”, dedi "Delivering Happiness" tashkiliy konsalting kompaniyasining bosh direktori Jenn Lim.

Baxt bo‘yicha eng uzoq davom etgan tadqiqotlardan biri Garvardda o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, xodimlar jamoaviy mehnatga asoslangan va hamkasblari bilan mazmunli munosabatlar o‘rnatish imkoniyatini beradigan ishlarda o‘zlarini baxtliroq his qiladi. 

Shuningdek, texnologiya, moliya, notijorat, sayohat va mehmondo‘stlik sohalaridagi ishchilar ham baxtiyorlik bo‘yicha yuqori ko‘rsatkich qayd etdi. 

Eslatib o‘tamiz, Yaponiyada kompaniyalar ishchilariga yaxshi muhit yaratish maqsadida ofislarda uxlash uchun maxsus kapsulalarni o‘rnatmoqchi ekanligini ma’lum qilgandi. Unda ishchilar tik turib uxlashi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

qurilish quruvchilar baxtli xodimlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing