Dunyoda o‘z joniga qasd qilish holatlari kamaydi – tadqiqot

Bu qiziq

image

Dunyo bo‘yicha o‘z joniga qasd qilish holatlari qariyb 30 foizga kamaydi. Bunday xulosaga Seuldagi Kenxi universitetining Tibbiyot kolleji olimlari keldi. Ular 1990 yildan 2021 yilgacha 102 ta mamlakatda o‘z joniga qasd qilish darajasini o‘rgangan. Bu haqdagi tadqiqot “Nature Mental Health” jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, yuqori daromadli mamlakatlarda bu kamayish yanada sezilarli bo‘lgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 102 mamlakatda o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘rtacha 29,9 foizga qisqargan: 1990 yilda har 100 ming aholiga 10,33 ta holatdan 2021 yilda 7,24 taga tushgan.

Olimlarning fikricha, bunga Yevropada yoshlarning psixologik holati bilan yaxshiroq ishlash, shuningdek, OAVning bunday og‘riqli mavzuni mas’uliyatli yoritishi sabab bo‘lgan. Yuqori daromadli 54 mamlakatda farq yanada katta bo‘lgan. 1990 yilda bu ko‘rsatkich 100 ming aholiga 12,68 ta holatni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda COVID-19 pandemiyasi avj olgan davrda atigi 8,61 ta holat qayd etilgan. Bu 32,1 foizga kam. Past va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda esa shu davr mobaynida bu ko‘rsatkich 7,88 dan 5,73 taga tushgan.

Shu bilan birga, tadqiqot guruhi raqamlarni ehtiyotkorlik bilan baholash kerakligini eslatgan. Sababi, ayniqsa, qashshoq mamlakatlardagi o‘z joniga qasd qilish holatlarining hammasi ham statistikaga kirmasligi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib o‘z joniga qasd qilish darajasi asta-sekin kamayishda davom etib, har 100 ming aholiga 6,49 taga yetishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda har yili 726 ming odam o‘z joniga qasd qilishi oqibatida vafot etishi, bundan ham ko‘proq odamlar esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi haqida xabar bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish har xil yoshdagi odamlar tomonidan sodir etiladi va u 2021 yilda 15–29 yoshdagi shaxslar o‘rtasida o‘limning uchinchi eng keng tarqalgan sababi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

suiqasd o'z joniga qasd qilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing