Dunyoda qizamiqqa chalinish holatlari ko‘paydi
Salomatlik
−
18 noyabr
1413Dunyo bo‘yicha qizamiqqa chalinish holati 2022 yilga nisbatan 20 foiz oshgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining yangi hisobotida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 10,3 million bemorda qizamiq kasalligi aniqlangan. Xavotirli jihati, bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 20 foiz yuqori.
JSST qizamiqni ikki dozali vaksina bilan oldini olish mumkinligini ta’kidlamoqda, ammo 2023 yilda 22 milliondan ortiq bola birinchi dozani o‘tkazib yuborgan. Hisobotda aytilishicha, bolalarning 83 foizi vaksinaning birinchi dozasini olgan, ikkinchisi esa atigi 74 foizni tashkil etgan.
“Qizamiq tarqalishining oldini olish uchun bolalarning 95 foizini ikki dozada emlash kerak”, deyiladi hisobotda.
JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisusning ta’kidlashicha, qizamiqqa qarshi emlash so‘nggi 50 yil ichida boshqalarga qaraganda ko‘proq odamlarning hayotini saqlab qolgan. U har bir insonni immunizatsiya qilishga sarmoya kiritish muhimligini ta’kidladi. Hisobotga ko‘ra, global emlash bo‘shliqlari 57 mamlakatda, xususan Afrika, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyoda qizamiq tarqalishiga olib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sil kasalligiga chalinishning global monitoringini boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgani haqida xabar berilgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi