Dunyoda ilk bor 10 kishilik uchar taksi parvoz qildi
Olam
−
15:24 1950 2 daqiqa
Kecha, 10 fevral kuni Xitoyning Fengfei Aviation Technology kompaniyasi og‘irligi 5 tonnaga teng dunyodagi ilk yirik V5000 eVTOL (elektr quvvatli vertikal uchish-qo‘nish qurilmasi) parvozini muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda “Gizmochina” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu uchar taksi Szyansu provinsiyasidagi Kunshan bazasida vertikal ko‘tarilishdan gorizontal parvozga silliq o‘tib, o‘zining texnik imkoniyatlarini to‘liq namoyon etgan. Ushbu loyiha shunchaki tajriba emas, balki havo transporti sohasida G‘arb davlatlarini ortda qoldirish va shahar ichidagi tirbandliklarga chek qo‘yish strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda.
Muhandislar va konstruktorlar mazkur ulkan qurilmani 20 ta dvigatel bilan jihozlagan. “Uchar taksi”ning ayrim motorlari ishdan chiqqan holda ham xavfsiz parvozni davom ettira olishi bilan boshqa texnologiyalardan ajralib turadi.
V5000 Matrix deb nomlangan yo‘lovchi tashuvchi varianti 10 nafar odamga mo‘ljallangan. Shuningdek, gibrid rejimda 1500 km masofani (sof elektrda 250 km) bosib o‘ta oladi. Ushbu ko‘rsatkichlar shahar markazidan uzoq viloyatlarga tezkor va ekologik toza transport qatnovini yo‘lga qo‘yish maqsadida yaratilgan texnologik yangilik.
Xalqaro aviatsiya ekspertlari Xitoyning yutug‘ini “katta sakrash” sifatida baholamoqda. Hozirgacha eVTOL qurilmalari odatda 6 kishidan ortiq yo‘lovchi tashimagan. V5000 esa 10 yo‘lovchi sig‘imi bilan havoda jamoat transporti davrini boshlab berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Blade Air Mobility va BETA Technologies kompaniyalari Nyu-York shahrida birinchi elektron havo taksisini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Farangiz Sunnatova
Live
Barchasi