Dunyoda 733 mln kishi ochlikdan qiynalmoqda
Olam
−
11 Oktabr
1785Bugunki kunda dunyo bo‘ylab hali hamon ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 733 million kishini tashkil qilmoqda. Bu haqda Germaniyaning World Hunger Relief (Welthungerhilfe) xayriya tashkiloti tomonidan kecha, 10 oktyabr kuni Berlinda taqdim etilgan yillik World Hunger Index hisobotida keltirilgan.
Ochlikdan aziyat chekayotganlarning aksariyati Sahroi Kabirda, shuningdek, Janubiy Afrika va Janubiy Osiyoda qayd etilgan. Hisobotga ko‘ra, bugungi kunda Yer yuzida 2,8 milliard odam sog‘lom, to‘yimli oziq-ovqat iste’mol qila olmaydi. 36 ta davlatda to‘yib ovqatlanmaslik bilan bog‘liq vaziyat “jiddiy”, oltitasida esa “o‘ta jiddiy” deb ta’riflangan. Hujjat mualliflarining qayd etishicha, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga qurolli mojarolar, masalan, Sudandagi fuqarolar urushi, shuningdek, global iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari to‘sqinlik qilmoqda.
Welthungerhilfe hisobotida ta’kidlanishicha, ayollar erkaklarga qaraganda to‘yib ovqatlanmaslikdan ko‘proq aziyat chekadi.
“Diskriminatsion me’yorlar va zo‘ravonlik ularning resurslarga kirishini hamda inqirozlarga dosh berish qobiliyatini cheklaydi. Ularning imkoniyatlarini yaxshilash ochlikka qarshi kurashdagi boshi berk ko‘chadan chiqish uchun muhim dastak bo‘lishi mumkin”, deydi nemis ekspertlari.
Welthungerhilfe rahbari Marlen Time jahon hamjamiyatini ochlik muammolarini yechishga yetarlicha e’tibor qaratmayotganlikda aybladi. Xayriya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyoda 800 milliondan ortiq inson ochlikdan qiynalgan.
Marlen Time 2023 yilda Germaniya federal byudjetdan rivojlanish va gumanitar yordam uchun ajratiladigan mablag‘larning rejalashtirilgan qisqartirilishini tanqid qildi. Welthungerhilfe rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Agenda 2030” dasturi va BMTning 17 ta barqaror rivojlanish maqsadi uzoq muddatli istiqbolda ocharchilikni yengish uchun yaxshi strategiyadir, ammo uni amalga oshirish siyosiy iroda va birdamlikni talab qiladi.
Tashkilot 2022 yilda dunyo bo‘ylab 603 ta loyiha orqali 37 mamlakatda 18,8 million kishini qo‘llab-quvvatlagan. Hisobotga ko‘ra, Welthungerhilfe ixtiyorida 341,2 million yevro, shu jumladan 97,6 million yevro xayriya bo‘lgan. Bundan tashqari, Germaniya hukumati va Yevropa Ittifoqidan grantlar ajratilgan.
O‘sha yilning bahorida Welthungerhilfe Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishi butun dunyo bo‘ylab ochlik bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtirishi mumkinligidan xavotir bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida gumanitar inqiroz kun sayin chuqurlashib borayotgan blokadadagi G‘azo sektorida to‘yib ovqatlanmaslik va tashnalikdan halok bo‘lganlar soni 23 kishiga yetgani xabar qilingandi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda eksklavdagi 378 ming kishi 5-darajali ochlikka duch kelgan, bu oziq-ovqat xavfsizligining Integratsiyalashgan faza tasnifi (IPC) shkalasi bo‘yicha “halokatli” hisoblanadi. Hozirgi vaziyat esa bundanda yomon bo‘lishi mumkin.
Madina Salimova
LiveBarchasi