Dunyo yulduzlari “Dunyo sadolari”ga nega qimmatga kelyapti?
Biznes
−
25 iyul 13805 3 daqiqa
“Dunyo sadolari” festivaliga xorijdan Arash, Mustafa Sandal, Alisha Chinai va “Arabesque” guruhi taklif etilgan. Ayrim manbalar narxlar odatdagidan qimmat, shishirib yuborilganini bildirmoqda.
Hujjatlarda Mustafo Sandalga 160 ming dollar, Arashga esa 164 ming dollar to‘lanishi ko‘rsatilgan. Toshkentdagi mutaxassislar bu ikki san’atkorni 200 ming dollarga olib kelish mumkin ekanini bildirgan.
Narx nega qimmat?
Andijon viloyat hokimligining bildirishicha, “Dunyo sadolari” festivali logistika jihatidan poytaxt narxlariga mos kelmaydi. O‘zbekistonning eng chekka hududida o‘tkaziladigan konsertga xorijlik san’atkor va uning jamoasi o‘rtacha 3 kun vaqtini ajratishiga to‘g‘ri keladi. Avval Toshkentga qo‘nish kerak, u yerdan mashinada Xonobodgacha 8-9 soat yo‘l bosib o‘tiladi. Yoki xonanda o‘z jamoasi bilan Andijonga navbatdagi reysni kutishi kerak. Andijon aeroportida ta’mirlash ishlari ketayotgani inobatga olinsa, bu unchalik ham oson bo‘lmaydi. Xonobodga bir kun vaqt ketkazib yetib borgach, bir kun festivalda qatnashishga tayyorlanadi, qatnashadi va yana bir kun ortga qaytishga sarflanadi. Shu sababli ham bu festivaldagi narxlar 3 kunlik vaqt yo‘qotishga ko‘ra belgilangan.
Poytaxt shahar yoki markazroq hududda albatta, bundan arzonroq ta’riflarni yaratish mumkin bo‘ladi. Vaqtni xisobga olinsa, Andijondagi festival uchun bu aslida arzon kelishuv bo‘lgan deyish mumkin.
O‘zi bu festival nega kerak?
Xonobod shahri o‘zining beqiyos tabiati bilan “O‘zbekiston Shveysariyasi” degan nomni qozongan va ammo bu shahar haqida ko‘pchilik bilmaydi. Mazkur festival aynan mana shu maqsadda, dunyo yulduzlari orqali bu shaharni dunyoga tanitish uchun tashkil etilgan.
Festivalda zarar ko‘pmi yo foydami?
O‘tgan 3 yil mobaynida sarflangan mablag‘lar haqida ko‘plab ma’lumotlar ko‘rinish berdi. Qayd etilishicha, festivalning moliyaviy foydasi uning xarajatidan ko‘proqni tashkil qiladi.
Masalan, 2023 yilda Xonobod shahrining bir oylik savdo aylanmasi o‘rtacha 500 million so‘mni tashkil etgan. Festival o‘tkazilgan oylarda bu raqam 10 milliard 500 million so‘mga yetgan. Bu haqida o‘sha kunlarda matbuot xizmati tomonidan rasmiy ma’lumot berilgan. Keyingi yilda 7 millard so‘m mablag‘ sarflangan ikkinchi festivalda esa savdo aylanmasi 20 milliard so‘mdan oshib ketgan.
Festivaldan odamlarga nima foyda?
Mahalliy blogerlar va tarmoq foydalanuvchilarining sayohat videolarida ko‘rinishicha, Xonobod shahridagi mehmonxona va mehmon uylari soni oshirilgan bo‘lsada, festivaldan bir hafta oldin bo‘sh joylar umuman qolmagani kuzatilgan. Demak, shahar mehmonlar bilan to‘lgan.
Savdo do‘konlari, oshxona va boshqa xizmat ko‘rsatish joylari odatdagidan 6 barobar ko‘proq savdo qilishgan. Masalan, bir oddiy do‘kon egasi odatiy kunda 500 ming so‘m savdo qilishini, festival kunlari esa 8-9 million so‘mgacha ko‘tarilgani haqida o‘z intervyusida aytib o‘tgan. Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Hindiston, Turkiya va yana bir qancha davlatlardan o‘n mingdan ortiq mehmonlar dunyo yulduzlarini ko‘rish uchun tashrif buyurgan.
Bu yilgi festival qanday bo‘ladi?
Moliyaviy jihatdan savdo-sotiq va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun bu kabi tadbirlar har doim foydali bo‘lishi barchaga ma’lum. Bu yilgi tadbirlarda foydali jihatlar yanada ko‘p bo‘ladimi? Bu haqida festivalning o‘zidan ma’lumot berib boramiz, QALAMPIR.UZ'dan uzoqlashmang!
Live
Barchasi