Dunyo yetakchilari Dubayda nega yig‘ilyapti?

Olam

image

Bugun, 30 noyabr kuni Yaqin Sharqning moliyaviy va texnologik markazi Dubayda 140 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirokida Butunjahon iqlim sammiti ochiladi. Mazkur sammitda Birlashgan Arab Amirliklari BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP28) ishtirokchilarining 28-konferensiyasi raisi va dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchilardan biri sifatida xalqaro hamjamiyatni qazib olinadigan yoqilg‘idan uzoqlashmasdan turib, kam uglerodli kelajakka erishish mumkinligiga ishontirmoqchi.

Bu yil COP28 raisi etib tayinlangan, BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri bo‘lib ishlovchi hamda Abu-Dabi milliy neft kompaniyasi ADNOC rahbari Sulton bin Ahmad Al-Jobir uglevodorodlardan foydalanishni qisqartirish mas’uliyatli yondashuvni talab qilishini bir necha bor ta’kidlagan. Al-Jobir an’anaviy yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish muqarrar ekanini tan olsa-da, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda, uglerodni ushlash, utilizatsiya qilish va saqlash kabi zamonaviy texnologik yechimlardan foydalanish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Boshqa yirik neft qazib oluvchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bu konsepsiya sammit ishtirokchilar o‘rtasidagi global isishga qarshi kurashning eng yaxshi yondashuvi bo‘yicha tub farqlarni ochib berishi mumkin.

Dubayda 12 dekabrga qadar davom etadigan anjumanda turli mamlakatlardan 70 mingdan ortiq delegatlar, jumladan, davlat rahbarlari, yirik biznes va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, tadqiqotchilar, ekspertlar va jurnalistlar ishtirok etishi kutilmoqda. 

Sammit kun tartibi

Iqlim bo‘yicha sammitda delegatsiyalarning asosiy vazifasi Parij kelishuvi maqsadlariga erishish yo‘lidagi taraqqiyotni tahlil qilish bo‘ladi. Ma’lumki, Parij kelishuvi 2015 yil 12 dekabrda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 21-konferensiyasi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan. O‘shanda konferensiya ishtirokchilari 2100 yilga borib sayyoradagi o‘rtacha global haroratning ikki darajadan oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va isishni 1,5 darajagacha ushlab turish choralarini ko‘rishga kelishib olgan.

Bu galgi COP28’da esa tomonlar birinchi marta Parij kelishuvining global inventarizatsiyasini o‘tkazadi. Bu jarayon xalqaro hamjamiyatni iqlim bo‘yicha maqsadlarga erishishga yo‘naltira oladigan yuqori darajadagi rejani ishlab chiqishga olib kelishi kerak. Keyin hukumatlar ushbu global rejani milliy siyosatlariga integratsiya qilishi va 2025 yilda BMTga taraqqiyot haqida hisobot berish kerak. 

Konferensiyaning yana bir maqsadi – qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va dengiz sathining ko‘tarilishi kabi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan zarar ko‘rgan mamlakatlarga yordam berish uchun dunyodagi birinchi iqlim fondini yaratish. Sammitdan bir necha hafta oldin rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar vakillari fondning boshqaruv tuzilmasi bo‘yicha kelishib oldi. Bundan tashqari, konferensiyaning dastlabki kunlarida BAA hukumati toza energiyaga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish uchun 25 milliard dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etilishini e’lon qilishi kutilmoqda.

Jahon yetakchilarining ishtiroki

Expo City Dubai ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tadigan anjumanda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuzlab tadbirlar o‘tkaziladi. Ikki kun davomida – 1 va 2 dekabr kunlari davlat va hukumat rahbarlari milliy bayonotlarini e’lon qilib, ularda o‘z mamlakatlarining ekologik muammolar, oziq-ovqat xavfsizligi, tabiiy ofatlardan himoya qilish, yashil energiya, kam rivojlangan mamlakatlarni iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishda qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarini yetkazishga harakat qiladi.

Oliy darajadagi segment BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning nutqi bilan ochiladi. Yaqin Sharqning boshqa davlatlaridan delegatsiyalarga, xususan, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Bahrayn Qiroli Hamad bin Iso Al Xalifa va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi boshchilik qiladi. Bundan tashqari, sammitda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Isroil Prezidenti Isxaak Gersog va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ishtirok etishi ma’lum qilingan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi kotibiyati tomonidan e’lon qilingan yuqori darajadagi segment ishtirokchilarining rasmiy ro‘yxatiga ko‘ra, COP28 ko‘rgazmasida bir nechta Yevropa rahbarlari, jumladan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak, Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches, Polsha Prezidenti Anjey Duda va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich ham ishtirok etadi. 

Shuningdek, konferensiyada COP28 iqlim o‘zgarishi maqsadlarini qit’aning turmush darajasini yaxshilash va mamlakatlarning ekstremal ob-havoga chidamliligi kabi boshqa intilishlari bilan birlashtirish imkoniyati bo‘lishini kutayotgan 30 dan ortiq Afrika yetakchilari ham qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etishi ma’lum qilingandi. U Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 30 noyabr – 2 dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Dubay BMT Birlashgan Arab Amirliklari COP28

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing