Dunyo yangi sovuq urush davriga kiryapti – Rasmiy Anqara
Olam
−
18 aprel 2022
20197Turkiya Prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Kalinning fikricha, Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli dunyo yangi sovuq urush davriga kirdi. Bu haqda u Istanbulda AQSH Kongressi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochgan.
“Biz yangi davrga, yangi sovuq urushga qadam qo‘ymoqdamiz. Biz uning kelajakdagi ta’siriga tayyor bo‘lishimiz kerak. Ko‘p jabhalarda – oziq-ovqat, energiya, kiberxavfsizlikda tayyor bo‘lishimiz kerak”, deydi u.
Kalin, Anqaraning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muammoga yechim topish uchun sa’y-harakatlarini davom ettirishiga ishora qilgan. Avvalroq Turkiya urushni tugatish uchun tomonlar o‘rtasida muhim uchrashuvlar o‘tkazganini eslatgan. Uning qayd etishicha, umid bor edi, lekin hozir hamma narsa ancha murakkablashgan. Mintaqadagi xavfsizlik chora-tadbirlari bilan bog‘liq holda Kalin, Turkiyaning Montryo konvensiyasini qo‘llash orqali harbiy kemalarning hududga kiritilmasligini ta’minlab, Qoradengizdagi xavflarni kamaytirishga yordam berganini qayd etdi.
Turkiyaning AQSH bilan NATO doirasidagi hamkorligi mavzusiga ham to‘xtalgan Kalin, “ikki davlat o‘zaro ta’sir va yaqinlashish bo‘yicha strategik mavzularga e’tibor qaratishlari kerak” deb ta’kidlagan.
“NATO davlatlarining bir-biriga nisbatan sanksiyalar qo‘llashi ittifoqchilik ruhiga zid. Mintaqamizdagi vaziyat aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi”, deydi u.
Erdo‘g‘anning vakili AQSHning Turkiyaga nisbatan Anqara Rossiyadan S-400 zenit-raketa komplekslarini sotib olgani sababli joriy qilingan bir qator cheklovchi choralarini nazarda tutgan. Xususan, Vashington Anqarani F-35 qiruvchi samolyotlari dasturidan chiqarib tashladi.
LiveBarchasi