Dunyo oziq-ovqat inqirozi ostonasida
Olam
−
14:31 2604 2 daqiqa
Mamlakatlar oziq-ovqat inqirozi yoqasida turibdi. Xususan, dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlarining 50 foizi sintetik o‘g‘itlarga bog‘liq. Bu haqda tahlilchi Lukas Ekuame ogohlantirish bilan chiqdi.
Shimoliy yarim sharda ekish mavsumi boshlanmoqda, ammo o‘g‘itlardan foydalanish imkoniyati maksimal darajada cheklangan.
Hormuz bo‘g‘ozidagi muammolar sababli o‘g‘it yetkazib berishning qariyb 30 foizi, suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishning esa 20 foizi to‘xtab qolgan. Xitoy ham eksportga cheklovlar kiritdi, bu esa bozorning yana 30 foiziga xavf tug‘dirmoqda. Aksariyat sintetik o‘g‘itlar tabiiy gazdan ishlab chiqarilgani sababli, uning tanqisligi o‘z-o‘zidan o‘g‘itlar yetishmovchiligiga olib keladi.
“Financial Times” (FT) nashri ham dunyo eng yirik oziq-ovqat inqirozlaridan biriga duch kelish xavfi borligidan ogohlantirmoqda.
Bunga Yaqin Sharqdagi inqiroz sabab bo‘lib, u o‘g‘it yetkazib berishni xavf ostiga qo‘ydi va energiya resurslari narxining keskin oshishiga turtki bo‘ldi. Bu vaziyatda rivojlanayotgan davlatlar eng zaif bo‘lib qoladi. Shuningdek, Hindiston, Bangladesh va AQSHning agrar hududlari ham xavf ostida: u yerda fermerlar allaqachon gaz, yoqilg‘i va o‘g‘it yetishmovchiligiga duch kelishmoqda.
Uzilishlarga Qatar va Jazoirdagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘xtab qolgani sabab bo‘lgan. Hormuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi, chunki energiya narxlarining ko‘tarilishi mahsulotlarni tashish, qayta ishlash va saqlash xarajatlarini oshirib yubordi.
Ekspertlarning fikricha, Yaqin Sharqdagi davomli urush dunyoda oziq-ovqat narxlarini keskin oshirib yuborishi mumkin. Eng katta zarar makkajo‘xori yetishtiruvchilarga tegadi, chunki bu ekin azotli o‘g‘itlarga eng ko‘p ehtiyoj sezadi. O‘z navbatida, omuxta yemning asosi bo‘lgan makkajo‘xori narxining oshishi chorvachilik va parrandachilikda mahsulot tannarxining qimmatlashishiga olib keladi.
Live
Barchasi28 mart
28 mart