Dunyo noto‘g‘ri talqin qilmoqda – Netanyaxu Isroil politsiyasining zo‘ravonliklarini yoqladi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan Quddusning Eski shahar qismida bo‘lib o‘tgan keng miqyosli tartibsizliklarga qaratilgan harakatlarni qo‘llab-quvvatladi va bu vaziyat dunyo ommaviy axborot vositalari tomonidan “noto‘g‘ri” talqin qilinganini aytib chiqdi. Bu haqda “RIA Novosti” yozmoqda

Sharqiy Quddusda falastinliklarga qaratilgan zo‘ravonliklar bir necha kundan beri davom etmoqda. Qizil yarim oy jamiyatiga ko‘ra, birgina 9 may kuni Isroil politsiyasining xatti-harakatlari oqibatida 80 nafar falastinlik jarohatlangan. So‘nggi kunlarda ularning soni jami 300 dan oshgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu falastinliklarga qaratilgan mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini barcha insonlarning huquqlarini ta’minlash uchun kurash, deb baholagan va ularni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

“Biz har bir kishining huquqlari ta’minlanishi uchun kurashamiz va bu ba’zida hozirda Isroil politsiyasi zobitlari va bizning xavfsizlik kuchlarimiz harakatlari kabi qat’iy pozitsiya talab qiladi. Biz ularni bu adolatli kurashda qo‘llab-quvvatlaymiz. Albatta, bu narsalarni dunyo OAV noto‘g‘ri talqin qilmoqda va chalg‘itmoqda. Oxir-oqibat haqiqat g‘alaba qozonadi, lekin biz buni doimo takrorlashimiz kerak”, deyiladi Bosh vazirning idorasi tarqatgan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan odamlar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Ushbu voqea yuzasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi

Bungacha BMT Isroilni har qanday hujumlarni bekor qilish va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirgan bo‘lsa, AQSH vaziyatning keskinlashganidan qattiq xavotirda ekanini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

326

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing